Bu holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Atabekov quyidagilarni maʼlum qildi:
— Avvalo, ushbu xabarlar mutlaqo asossiz ekanligini alohida taʼkidlash kerak. Maʼlumotlarga koʻra, pandemiya boshlangandan to hozirgacha dunyo boʻyicha 710 million kishi bu kasallikka chalingan, 7 milliondan koʻprogʻi hayotdan koʻz yumdi. Agar vaksina topilmagan va emlash tadbirlari uyushqoqlik bilan oʻtkazilmaganda, bu raqamlar bir necha barobar yuqori boʻlishi mumkin edi. Buni vaksina kashf etilgunga qadar oʻtgan bir yil davomida oʻlim koʻrsatkichi yuqori boʻlgani ham yaqqol tasdiqlaydi.
Mutaxassis sifatida shuni aytmoqchimanki, qoʻllanilgan vaksinalar genomga salbiy taʼsir qilmaydi, bu oʻz isbotini topgan. Toʻgʻri, vaksinani qabul qilgan ayrim odamlarda turli salbiy holatlar, masalan, nafas olish qiyinlashuvi, tana harorati oshishi va yurakning tez urishi kabi belgilar kuzatilgan. Ammo bu vaqtinchalik boʻlib, emlangandan soʻng 2-3 kun oʻtgach, barchasi ortda qolgan.
Materialda onkologik kasalliklar xavfi ham vaksinaga bogʻliqligi va emlashdan keyin tanada paydo boʻlgan salbiy holat(qabul qilingan vaksina)dan qutulish uchun esa karabash va arslonpanjasi giyohlaridan foydalanish tavsiya etilganki, bu har bir mutaxassisni taajjubga solishi, shubhasiz.
Bu sohadan umuman yiroq boʻlgan odamning fikridan boshqa narsa emas. Karabash shamollash, nafas yoʻllari yalligʻlanishida, arslonpanjasi esa ayollarda gormonal holatni moʻtadil ushlab turish maqsadida qaynatma sifatida ishlatib kelingan. Shundan kelib chiqilsa, ushbu ikki giyoh vaksinadan keyin paydo boʻlgan immunitetga taʼsir koʻrsatish va yoʻq qilish xususiyatiga ega emas.
Umuman, pandemiya davrida bir qator vaksinalar qoʻllanilib, epidemik vaziyat yumshatildi, muhimi, dunyo boʻyicha millionlab insonlar hayoti saqlab qolindi.
Shunday ekan, bu kabi xabarni tarqatish hamda bunday maʼlumotlarga ishonishdan oldin mutaxassis bilan maslahatlashish maqsadga muvofiq, deb bilamiz.