Koronavirusga chalingan bemorlarga shifoxonada qanday taomlar beriladi?

    Salomatlik 7 May 2021 1125

    Koronavirus kasalligiga chalingan bemorlarda immunitet holati muhim ahamiyatga ega. Shu bois, uni mustahkamlash uchun taomnomada oqsilga boy oziq-ovqat mahsulotlari boʻlishi lozim.

    Xoʻsh, Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonalarida bemorlarning kunlik ratsionidan qanday oziq-ovqat mahsulotlari oʻrin olgan?

    SSV Matbuot xizmati mazkur Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi blok rahbari Baxshillo MAMIROVga bir necha savollar bilan murojaat qildi.

    — Markaz oshxonasi qanday faoliyat yuritadi?

    — Tibbiyot muassasasining oshxonasi autsorsing tizimida ishlaydi, — deydi B.Mamirov. — Shifoxonaning statistika boʻlimiga har kuni ikki marta — ertalab va kechqurun bemorlar soni boʻyicha toʻliq maʼlumot beriladi. Soʻng ushbu maʼlumot asosida taom tayyorlanadi.

    Shuni aytish lozimki, shifoxonada har bir bemorga individual yondashilgan holda 1-, 9- va 15-stolda parhez taomlari tayyorlanadi. 1-stol reanimatsiya boʻlimi, 9-stolda qandli diabet kasalligi bor bemorlar uchun taom tayyorlansa, 15-stol esa odatdagi bemorlar uchun moʻljallangan boʻladi. Barcha taomlar sanitariya qoidalariga va parhez taomlari tayyorlanish texnologiyalariga rioya qilingan holda tayyorlanadi. Koronavirusga chalingan bemorlar taomnomasi har 14 kunda yangilanadi.

    Ertalabki nonushtada turli boʻtqalar, tuxum, brinza, pishloq, qovurilgan kolbasa, smetana, kakaoli sut, shirin choy, bulochka, sariyogʻ berilsa, tushlikka immunitetni koʻtaruvchi oqsilga boy ikki xil ovqat, salat, sharbat tayyorlanadi.

    — Taomlar qanday yetkazib beriladi?

    — Taomni yetkazib berish jarayoni ham bir necha bosqichlardan iborat boʻlib, ovqat tayyor boʻlgach, maxsus idishlarga solinadi va tarozida oʻlchanib, boʻlimlarga maxsus avtomashinalarda olib boriladi.

    Soʻng taom palatalar boʻylab tarqatiladi. Har bir palatadagi bemor uchun alohida idish ajratilgan boʻlib, taomdan soʻng ular uch bosqichda dizenfeksiya qilinadi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi
    Matbuot xizmati