Infeksiyaga qarshi immunitet, antitanacha qanchagacha saqlanib qoladi?

“Oʻtgan yili kuzda COVID bilan kasallanib, sogʻaygandik. Yaqinda qizim shamolladi, hid va taʼm bilmayapti. PZR-test musbat chiqdi. Tuzalgan odamlarda antitanachalar bir yilgacha himoya qiladi deyishgandi. Endi nima qilamiz?”

«Bugungi kunda koronavirus infeksiyasidan keyin hosil boʻladigan himoya immun hujayralari, yaʼni Immunoglobulin-G barchada har xil muddat saqlanishi qayta-qayta taʼkidlanmoqda. Bu inson organizmining turli xussusiyatlari — kasallikni qay darajada oʻtkazgani, olingan davo muolajalari taʼsiri hisobidan kelib chiqib: 3, 6, uzogʻi 9 oygacha himoya qilmoqda. Shundan keyin bu hujayralarning titri tushib, himoya qobiliyati yoʻqolib ketmoqda.

Bu degani — insonning koronavirusdan himoyasi yoʻq, degani. Qizingiz kuzda kasallangan ekan, oradan 9 oy oʻtibdi, demak farzandingizda himoya hujayralari titri tushgan, shu bois qayta kasallangan.

Sizni taktikangiz:

● Qizni alohidalang;

● Oilangiz aʼzolari, barchasi niqob taqishi va ijtimoiy masofa saqlashga rioya qilishi kerak;

● Oila aʼzolari qoʻllarni tez-tez sovun bilan yuvishi, tomoqlarni va burunlarni tez-tez chayib turishi kerak;

● Xonalarni tez-tez shamollatib turing, konditsioner bor xonadan qizingizni uzoqlating va imkon qadar oila aʼzolari ham kondionerli xonada koʻp boʻlishmasin;

● Oilaviy shifokoringizni uyga chaqiring, uni qizingizdagi koronavirus alomatlari haqida ogohlantiring;

● Shifokor bolaning salomatligini toʻliq oʻrganadi, davo choralari tavsiya qiladi, bepul “boks” — dori qutisini taqdim etadi va qanday dorilarni qanchadan ichish kerakligini, gigiyena va karantin qoidalarini tushuntiradi, ovqatlanish va jismoniy faollik hamda nafas mashqlari toʻgʻrisida ham maʼlumot beradi;

● Oila aʼzolarining barchasi bemor bilan kontaktda boʻlganlar toifasiga kiritilib, 7-10 kun nazoratda boʻlish talab etiladi».