Koronavirusga "davo topgan" ovchiga chora koʼrildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Parkent tumani Qiziltogʼ shaharchasida istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan Qizil kitobga kiritilgan turli xildagi noyob hayvonlar noqonuniy ovlanib, goʼshtlari “COVID-19”ga davo sifatida sotilayotgani haqida yozildi.

    Holat yuzasidan Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida nazorat inspektsiyasining Parkent tumani boʼlimi xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari amalga oshirildi hamda xabarda zikr etilgan ovchidan yozma tushuntirish xati olindi. Bu haqda viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati xabar beradi.

    Surishtiruv davomida fuqaro 2005 yildan buyon ovchilar jamiyati birlashmasiga aʼzoligi hamda sport va havaskorlik tarzida qonunda belgilangan tartibda ovchilik faoliyati bilan shugʼullanib kelishini taʼkidlab oʼtdi. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda keng munozaraga sabab boʼlgan mazkur postdagi fotosuratlar fuqaroning 2012-2015 yillar davomida Rossiya Federatsiyasida Ovchilik xoʼjaligida faoliyat olib borgan davrlarida olinganligi hamda dastlab uning oʼzi tomonidan ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilganligi aniqlandi.

    Shuningdek, fuqaroning taʼkidlashicha, joriy yil 24 iyulь kuni oʼrta yoshli shaxs tomonidan unga qoʼngʼiroq qilinib, onasi betobligi tufayli jayra yoki boʼrsiq goʼshti kerakligi soʼralgan. Fuqaro qoʼngʼiroq egasiga hozirda ov mavsumi yopiqligi uchun ovchilik faoliyati bilan shugʼullanmayotganini, ov mavsumi boshlanganda shunday hayvonlardan qonuniy ravishda oʼlja olsa, soʼralgan nimtani yetkazib berishi mumkinligini maʼlum qilgan.

    Jurnalist va blogerlardan asoslanmagan hamda eski maʼlumotlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylab, yolgʼon shov-shuvlarni tarqatmaslik soʼralgan boshqarma bayonotida.