Bu haqda SamDTU matbuot xizmati xabar berdi. Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Behzod Musayev oʻzining kirish soʻzi bilan ochib berib, COVID-19 koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda tibbiyot xodimlari mehnati va koʻrsatgan qahramonliklari, xalqimiz, ota-onalarimiz, farzandlarimiz salomatligi yoʻlida tunu kun qilayotgan mehnati barcha uchun jasorat namunasi boʻlganligini taʼkidladi.

Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev oʻz soʻzida “Oq xalatli qahramonlar” barelyefining tibbiyot xodimlari jasoratining belgisi boʻlib qolishiga ishonch bildirdi.
Shuningdek, marosimda Sogʻliqni saqlash vazirligi vakillari, viloyat va shahar sogʻliqni saqlash muassasalari rahbarlari, Samarqand davlat tibbiyot universiteti professor-oʻqituvchilari ishtirok etdi.

Xotira barelyefining ochilish marosimidan soʻng mehmonlar Samarqand davlat tibbiyot universitetining yangi binosidagi fundamental tibbiyot kafedralarining moddiy-texnik taʼminoti bilan tanishib, universitetida oʻquv jarayonini olib borishini va Universitet talabalarining intellektual salohiyatini rivojlantirish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarni yuqori baholadilar.









