Koronavirusning eng yuqumli mutatsiyasi aniqlandi

    Voqea-hodisalar 7 Aprel 2022 2508

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tadqiqotchilari COVID-19ning eng yuqumli varianti aniqlanganini eʼlon qildi. Unga “XE” deb nom berildi.

    Mazkur mutatsiya butun sayyoramizni “zabt” etib ulgurgan “omikron”ning subvarianti ekanligi aytilyapti. Bundan tashqari, uning genomida ushbu shtammning ham BA.1, ham BA.2 versiyalari belgilari mavjud.

    Olimlar hisob-kitoblariga koʻra, “XE” ilgari maʼlum boʻlgan mutatsiyalarga nisbatan 10 foiz tezroq tarqalyapti. Ayni paytgacha u kamida toʻrt mamlakat — Buyuk Britaniya, Hindiston, Tailand va Yangi Zelandiyada qayd etildi.

    Tadqiqotchilarning izohlashicha, virusning bunday variantlari “rekombinant” deb ataladi va ular bir organizm ichida ikki xil shtammning genetik kodlari tasodifan aralashuvidan paydo boʻladi.

    Hozircha “XE” haqida yetarli tahlillar toʻplangani yoʻq. JSSTning maʼlum qilishicha, mazkur subvariant ilk bor yanvar oyi oʻrtalarida Buyuk Britaniyada aniqlangan. Oʻshandan beri mamlakatda uning 600ga yaqin namunalari ustida oʻrganishlar olib borilyapti.

    Toʻgʻri, yangi versiyaning “omikron”ga nisbatan 10 foiz yuqumliroq ekanligi juda katta ustunlikni anglatmaydi. Ammo mutaxassislar kelajakda bu koʻrsatkich yanada oshib ketishi ehtimolini inkor qilishgani yoʻq.

    “XE” mutatsiyasi bemorlarda qanday asoratlar qoldirishi mumkin? Bu xususda xulosa chiqarishga hali erta.

    Tadqiqotchilar fikricha, yangi subvariant avvalgi shtammlar singari emlangan va yaqinda kasallikni boshdan oʻtkazganlar uchun katta xavf solmasligi mumkin, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.