Hozir mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vaziri buyrugʻi bilan Andijon davlat tibbiyot instituti xodimlari tomonidan sodir etilgan noqonuniy xatti-harakatlarni oʻrganish yuzasidan vazirlikning ishchi guruhi tuzilib, xizmat tekshiruvi tayinlandi.
Ayni paytda mazkur oliy oʻquv yurtida masʼul shaxslarning oʻqishga kiritib qoʻyish maqsadida korrupsiyaviy omillarga yoʻl qoʻyilganligi, uni keltirib chiqarayotgan tizimli muammolar hamda bunga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan toʻliq oʻrganish oʻtkazilmoqda.
Shuningdek, korrupsiyaviy holat sodir etilishiga sharoit yaratib berganligi, muassasa xodimlari oʻrtasida yetarlicha tushuntirish ishlari olib bormaganligi sababli institutning qator masʼullariga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllaniladi.
Hurmatli yurtdoshlar! Agar siz sogʻliqni saqlash tizimida biror bir korrupsion holatga duch kelsangiz, vazirlikning 1003, 1203 va 1103 (hududlar boʻyicha) qisqa raqamli ishonch telefonlariga murojaat qilishingiz mumkin.
Eslatib oʻtamiz, Sogʻliqni saqlash vazirligi korrupsiyaviy holatlar hamda noqonuniy xatti-harakatlarning har qanday koʻrinishiga nisbatan murosasiz munosabatda boʻladi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.