Shu maʼnoda, Prezidentimizning joriy yil 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash yigʻilishidagi nutqi barchamizni bu illatga qarshi kurashda birdamlikka chaqirdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki korrupsiyaga qarshi kurash har bir sof vijdonli insonning muqaddas burchidir.
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda bu illatga qarshi kurashish boʻyicha tegishli qonunlar qabul qilinib, yangi tizim yaratildi. Qator tashkilotlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Nuroniylar korrupsiyaga qarshi kurashning oldingi safida boʻladi
Rustam KALONOV, “Nuroniy” jamgʻarmasining Toshkent shahri boʻlimi raisi, senator:
— Davlatimiz rahbari jamoatchilikka murojaat qilib, korrupsiyaga qarshi kurash umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi ekanini taʼkidladi.
Prezidentimiz juda toʻgʻri qayd etdi. Korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarash kerak. Eng asosiysi, butun jamoatchilik birlashib kurashishi zarur. Zero, bu xalqimiz, farzandlarimizning ertangi kuni, farovon hayoti uchun kurash masalasidir.
Korrupsiyaga qarshi kurashning oldingi safida, albatta, nuroniylar turishi kerak. Harom bilan halolni yoshlarga bugun biz oʻrgatmasak, ertaga kech boʻlishi shubhasiz. Shunday ekan, hammamiz yagona kuch boʻlib, Prezidentimiz atrofida jipslashib harakat qilsak, albatta, ijobiy samaraga erishamiz.
Shu bois, jamiyatimiz, oʻzligimiz, milliy qadriyatlarimizga yot bu illatni mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar — hammamiz birlashib, farzandlarimizga bogʻchadan, maktabdan boshlab singdiramiz va albatta, uni tag-tomiri bilan quritamiz. Bunga kuchimiz ham, qurbimiz ham yetadi.
Aniq manzilga yoʻnaltirilgan 55 tashabbus
Eldor TULYAKOV, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori:
— Mamlakatimizda turli sohalardagi izchil islohotlar samarasini koʻryapmiz, sezyapmiz. Aholi farovonligi oshmoqda. Davlat koʻrsatayotgan xizmatlar hajmi va sifati ortyapti. Eng muhimi, xizmat koʻrsatishda inson omili kamaymoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash yigʻilishida Prezidentimiz bugungi islohotlar samaradorligiga muayyan maʼnoda toʻsiq boʻlayotgan, soya solayotgan gʻov korrupsiya ekanini alohida qayd etdi.
Taʼkidlash lozimki, korrupsiyaga qarshi kurashish masalasida ilk marotaba bunday koʻlamli yigʻilish oʻtkazildi. Davlatimiz rahbari korrupsiyaga qarshi kuchli siyosiy irodani namoyon etdi. Ahamiyatli jihati, yigʻilishda aniq maqsadga yoʻnaltirilgan 55 ta tashabbus ilgari surildi. Ular doirasida 5 ta qonun, 12 ta farmon va qaror ishlab chiqiladi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda parlament, milliy va hududiy kengashlar, fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshiriladi.
Albatta, bularning barchasi mamlakatimizning yanada jadal ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishi, inson manfaatlarini hamma narsadan ustun qoʻyish tamoyilining hayotga tatbiq etilishiga xizmat qiladi.
Yigʻilishda, shuningdek, yirik loyihalarni korrupsiyaga qarshi yuqori darajadagi standartlardan kelib chiqib baholash lozimligi taʼkidlandi. Mutasaddilarga bunday investitsiya loyihalarida xalqaro korrupsiyaga qarshi standartlarni joriy etish, yirik auksion shartlarini raqobatdoshlik ekspertizasidan oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish topshirildi.
Bu borada xorijiy investorlar misol qilib keltirilgani bejiz emas. Chunki “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida xorijiy investitsiyani jalb etish koʻlamini kengaytirish borasida alohida maqsadlar belgilangan. Qachon xorijiy investor koʻpayadi? Qachonki ular mamlakatda qonunlar ishlayotgani, davlat organlari oʻzining ishini vijdonan bajarayotgani, jamiyatning korrupsiyadan xoli ekaniga ishonsa.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, jinoyatchilik mahkam jilovlangan, xavfsiz joyga investor koʻproq mablagʻ kiritadi, odamlarimizning ishonchi yanada ortadi.
Dabdaba va hashamga berilganlarni tartibga chaqirish vaqti keldi
Serikbay USENOV, Qozoq milliy madaniyat markazi raisi:
— Avvalo, korrupsiyaga qarshi kurashishda har bir fuqaro faol boʻlishi kerak. Bunda, eng asosiysi, yosh avlodning ushbu illatga nisbatan fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish zarur.
Korrupsiya jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligini keltirib chiqaradi. Bu esa barcha sohadagi islohotlar natijasiga salbiy taʼsir etadi. Qolaversa, ayrim fuqarolarning huquqiy ongi hamda madaniyati yetarli emasligi, haq-huquqini himoya qila olmasligi jamiyatda adolat mezoni buzilishiga sabab boʻlmoqda.
Ushbu yoʻnalishdagi tarixiy yigʻilishdan zarur xulosalar chiqardik. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bugun biz korrupsiya bilan emas, uning oqibatlari bilan kurashib yuribmiz. Aslida, uning oldini olish bilan shugʻullanishimiz kerak.
Kelajakka asosiy tahdidlardan biri, bu — korrupsiya. Davlatimiz rahbari yigʻilishda jamiyatdagi korrupsiyaning ildizi dabdaba va hashamda ekanini aytdi. Albatta, buning oldini olish uchun endi jiddiy ishlash, zarur targʻibot-tashviqot tadbirlarini olib borish, kerak boʻlsa, bunday fuqarolarning masalasini mahalla-koʻy ishtirokida koʻrib chiqish, tartibga chaqirish payti keldi deb oʻylaymiz.
Mahallalarda, milliy markazlarimizda tizimli ravishda jinoyatchilikka qarshi kurashish haftaliklarini oʻtkazib kelamiz. Yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikni qadrlash, kechagi kun bilan bugungi kunning farqini yaxshi tushunish, mahallada, toʻy-maʼrakada ortiqcha isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik, halollik va shukronalik bilan hayot kechirishni tushuntirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tuzib oldik. Bu borada jamiyatimizda toʻplangan yaxshi tajribalarni keng targʻib qilamiz.