FVV Akademiyasida “Qonun va adolat ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” va “Korrupsiya – kelajagimiz kushandasi” mavzularida davra suhbati hamda O'zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Markaziy apparati bilan hamkorlikda “Korrupsiya – yoshlar nigohida” kitobining taqdimoti o'tkazildi.
Tadbirni Akademiya boshlig'i general-polkovnik Qobul Berdiyev ochib, bugungi kunda korruptsiya fuqarolarning ijtimoiy adolatga, davlat organlariga nisbatan ishonchini susaytirishini, davlatning iqtisodiy o'sishiga salbiy ta'sir ko'rsatishini, qolaversa jamiyatdagi ma'naviy muhitni buzilishiga olib kelishi xususida to'xtalib o'tdi. Shuningdek, ayni damda korrupsiyaga qarshi kurashish barcha davlat va jamoatchilik tashkilotlari hamda moliyaviy muassasalarda ustuvor vazifaga aylanganligini alohida ta'kidladi.
Akademiyaning 5-bosqich kursanti Ulug'bek Xusanovning “Korrupsiyani birgalikda yengamiz” nomli she'ri ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi. Xususan, quyidagi satrlar e'tiborni tortadi:
Ta'magirlik qilmay halol ishla doim,
Yaxshi illat emas bilgin poraxo'rlik.
Halol yasha, odamlarga bo'l muloyim,
Saxiy bo'lgin, nochorlarga qil g'amxo'rlik.
“Korrupsiya – yoshlar nigohida” kitobining yaratilish tarixi haqida so'z borar ekan, O'zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan umumta'lim maktablari (shuningdek, ixtisoslashtirilgan, maxsus maktablar)da “Korruptsiya – yoshlar tasavvurida” insholar tanlovi o'tkazilgani, unda Respublika bo'yicha 8642 ta umumta'lim maktablaridan 445 mingdan ortiq o'quvchilar o'z insholari bilan ishtirok etgani aytib o'tildi. Hududlardan g'olib bo'lgan 84 nafar o'quvchining insholarini saralash va jamlash orqali yuqoridagi kitob chop etilishiga erishilganini alohida qayd etish joiz deydi – O'zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi o'rinbosari Umid Sulaymonov.
O'zbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining katta yordamchisi adliya polkovnigi SHerzod Hayitov islohotlarni amalga oshirish doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini, jamoat va parlament nazoratini ta'minlash mexanizmlari takomillashtirildi, shuningdek, huquqni muhofaza qilish va sud organlari faoliyatining huquqiy asoslari isloh qilinganini aytib o'tdi.
FVV Akademiyasi Matbuot xizmati