– Ushbu tanlov jamiyatda korruptsiyaga qarshi kurashish, korruptsion holatlarning aholi va yoshlar o'rtasida keng quloch yozishining oldini olish, uning salbiy illat ekanligini tushunib etish va bu illatga qarshi kurashish immunitetini shakllantirish maqsadida tashkil etildi, – deydi O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi professori SHarif Qobilov. – Men izlanishlar jarayonida respublikamiz va xorijiy davlatlarning korruptsiyaga qarshi kurashish jarayonidagi tajribalarini jiddiy o'rganib chiqdim. Korruptsiya bu jamiyatni iskanjaga oluvchi illatdir. Saralash ekspert guruhining xulosasiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti yuridik fanlari doktori, professor M. Rustamboevning “O'zbekiston Respublikasi Jinoyat huquqi kursi” nomli darsligi 1-o'ringa munosib deb topildi.

O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi professori SH. Qobilovning “Ichki ishlar organlarida korruptsiyaning oldini olish va xodimlarda korruptsiyaga qarshi xulq-atvorni shakllantirish” nomli darsligi 2-o'rinni egalladi.

“eng yaxshi o'quv uslubiy qo'llanma” nominatsiyasi bo'yicha Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor o'qituvchilari B.Aliev, A.Muxtorov, T.Norov, N.Qodirov, J.Boyaliev, A.Muzaffarovlarning  “O'zbekistonning korruptsiyaga qarshi kurash strategiyasi” nomli o'quv-qo'llanma 1-o'ringa, O'zbekiston Milliy universiteti professorlari X.Abulqosimov, N.Mo'minovlarning “Xufiyona iqtisodiyot” nomli o'quv-qo'llanmasi 2-o'ringa loyiq ko'rildi.

Tanlov g'oliblari Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining maxsus diplomlari va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Saralash ekspert guruhi tomonidan mazkur darsliklar “Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Oliy, o'rta  maxsus va professional ta'lim yo'nalishlari bo'yicha o'quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Kengash”ga tavsiya etildi.

M. TOJIMAMATOVA,

“YAngi O'zbekiston” muxbiri