Korrupsiya xavfi sababli 2 milliard 374 million soʻmlik davlat xaridlari bekor qilindi

    Ushbu davlat xaridlarida qatnashgan tadbirkorlarning hujjatlari xarid komissiyasi raisi va aʼzolari foydalangan qurilma (IP-manzillari bir xil) orqali elektron platformaga yuklangan. 

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining masofaviy monitoring tartibidagi oʻrganishlarida ayrim davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlarida qonunchilik talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilgani aniqlandi.

    Xovos tumani yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi buyurtmachiligida joriy yilning 10-yanvar kuni yuk tashish xizmatini koʻrsatish boʻyicha oʻtkazilgan 700 million soʻmlik, Andijon viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markazi buyurtmachiligida autsorsing xizmati koʻrsatish boʻyicha oʻtkazilgan 174 million soʻmlik, Toshkent viloyati ixtisoslashtirilgan somatik shifoxonasi buyurtmachiligida qurilish mahsulotlari xarid qilish boʻyicha oʻtkazilgan 1,5 milliard soʻmlik davlat xaridlari shular jumlasidandir.

    Ushbu davlat xaridlarida qatnashgan tadbirkorlarning hujjatlari xarid komissiyasi raisi va aʼzolari foydalangan qurilma (IP-manzillari bir xil) orqali elektron platformaga yuklangan.

    Natijada “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunning 10 -moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (manfaatlar toʻqnashuvi), 20-moddasi (xarid komissiyasining huquq va majburiyatlari), 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) hamda Vazirlar Mahkamasining “Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bogʻliq tartib-taomillarni tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizomning bir qator talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.

    Agentlik axborot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, mazkur holatlar boʻyicha xarid komissiyasining gʻolibni aniqlash bayonnomalarini bekor qilish toʻgʻrisida buyurtmachilarga taqdimnomalari kiritildi. Toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi. Natijada taqdimnomalarga binoan yuqoridagi davlat xaridlari boʻyicha xarid komissiyasining bayonnomalari bekor qilinib, aybdor shaxslar intizomiy javobgarlikka tortildi.