Korrupsiyaga moyil xodimlar jirkanch yoʻldan qaytarildi

    Raqamlashtirish 25 Noyabr 2023 853

    “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” doirasida Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasining Namangan viloyat boshqarmalari tashabbusi bilan “Ochiq eshiklar kuni” oʻtkazildi.

    Huquqni muhofaza qilish idoralari, ommaviy axborot vositalari vakillari, ijtimoiy tarmoqlar faollari, korxona va tashkilotlarning komplayens nazorat xizmati masʼullari va fuqarolar qatnashdi.

    Sohani korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish maqsadida Kadastr agentligida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlimi va barcha viloyatlarda uning tuzilmalari faoliyati tashkil etilgan. Qolaversa, ISO 37001 xalqaro standarti hamda qonunchilik talablariga mos keluvchi 10 dan ortiq ichki meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqildi. Korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi tuzilib, tizim boʻyicha ichki audit amalga oshirildi.

    Joriy yilning oʻn oylik davri mobaynida Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasining Namangan viloyat boshqarmalari tomonidan hamkorlar bilan birgalikda korrupsiyaning oldini olish, tegishli vazifa bajaruvchilarda murosasizlik hissini shakllantirish yoʻnalishida mehnat jamoalarida 70 dan ziyod umumprofilaktik maʼruzalar, 42 marotaba yakka tartibdagi profilaktik tarbiyaviy ishlar, uchrashuv va suhbatlar, 25 ta mahallada huquqiy savodxonlikni kuchaytirish yuzasidan davra suhbatlari uyushtirildi.

    Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi boshligʻi Qodirxon Gʻafforovning aytishicha, mazkur jabhada korrupsiyaga nisbatan moyilligi sezilgan lavozim va kasb egalari tahlilga tortildi. Shunday mansabdagi mutaxassislar bilan sogʻlom turmush tarzi kechirish, irodali va matonatli boʻlish, ularni baʼzi firibgarlar tarafidan aldashga urinishlar vaqtida oʻzini yoʻqotib qoʻymaslik va darhol bu haqda xabar berishga doir tematik muloqotlar samarasini koʻrsatmoqda.

    Alohida taʼkidlandiki, individual holatdagi profilaktik tadbirlar, taʼsirchan misollar, maʼlumotlar asosidagi tushuntirishlar, maxsus yigʻilishlar natijasida korrupsiyaviy jinoyatchilik va huquqbuzarlik boʻsagʻasida turgan 35 nafar kadastr xodimini ayni qingʻir yoʻldan qaytarishga erishildi.

    Orifjon JOʻRAYEV,

    Yangi Oʻzbekiston muxbiri