“Korrupsiyaga qarshi birga kurashamiz!”

    Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasida ochiq eshiklar kuni tadbiri oʻtkazildi.

    “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” doirasida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasida ochiq eshiklar kuni tadbiri boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda keng jamoatchilik vakillari, oliy taʼlim muassasasi talabalari, OAV vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.

    Raqobat, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama yoʻnalishi hamda Qoʻmitada ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish yuzasidan Raqobat qoʻmitasi Rais maslahatchisi O.Usmonov va Korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish boʻlimi boshligʻi A.Hakimov tomonidan maʼlumotlar berib oʻtildi.

    Qoʻmita mutaxassislari tomonidan Raqobat qoʻmitasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, qonunchilikdagi yangiliklar, yangi raqamli nazorat tizimlari va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

    Shuningdek, ochiq eshiklar kuni davomida ishtirokchilarga tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish, tovar-xomashyo birjalari va isteʼmol bozorlarida narxlarni nazorat qilish, insofsiz raqobat amaliyotlariga, til biriktirishlar va kartel kelishuvlarga qarshi kurashish va iqtisodiy konsentratsiya va iqtisodiyotda davlat ishtirokini nazorat qilish yoʻnalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha maʼlumotlar berildi.

    Shuningdek, ishtirokchilar Qoʻmitaning tarkibiy boʻlinmalari ish faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

    Tadbir davomida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollar boʻyicha mutaxassislardan javoblar olishdi.