Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha huquqiy eksperiment oʻtkaziladi

    2025-yil 1-iyulgacha “E-anticor.uz” da ichki nazorat boʻlinmalari rahbarlari va xodimlarining elektron reyestrini yuritish, hisobotni elektron taqdim etish, anonim soʻrovnomalar oʻtkazib eʼlon qilish imkonini beruvchi elektron modul ishga tushiriladi.

    Qarorga koʻra, 2027-yil 1-yanvargacha huquqiy eksperiment tariqasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tizim joriy etiladi:

    — Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” AJ hamda “Oʻzsuvtaʼminot” AJning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari rahbari lavozimiga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (Agentlik) xodimlari tayinlanadi;
    — eksperiment oʻtkaziladigan tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari rahbarlari bevosita Agentlikka boʻysunadi;
    — eksperiment oʻtkaziladigan tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari faoliyatini tashkil etish, muvofiqlashtirish va monitoring qilish Agentlik hamda eksperiment oʻtkaziladigan tashkilotlar tomonidan birgalikda amalga oshiriladi.

    Agentlik davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy taʼminlash, ularning xodimlarini stajirovka va attestatsiyadan oʻtkazish hamda malakasini oshirish boʻyicha maxsus vakolatli organ etib belgilandi.