Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad - AQSHning korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat. Tashrifning dastlabki kuni delegatsiya aʼzolari Massachusets shtati McDermott Will & Emery yuridik firmasi hamkori Robert Kordi hamda AQSH huquqni muhofaza qiluvchi organlarida korrupsiyaga oid jinoyatlar tergovi jarayonlarini nazorat qilish boʻyicha tajribaga ega boʻlgan mutaxassislar - Sara Uolters va Mark Shreyber bilan uchrashdi.
Aytish joizki, McDermott Will & Emery Qoʻshma Shtatlardagi va butun dunyo boʻylab koʻp qirrali biznes amaliyotiga ega eng yirik xalqaro yuridik firmalardan biri boʻlib, uning advokatlari davlat va xususiy sektor, sanoat va moliyaviy biznesning keng doirasi manfaatlarini ifodalaydi.
Maʼlumot uchun: R.Kordi 16 yil davomida Massachusets Oliy sudi sudyasi sifatida faoliyat yuritgan. U, shuningdek, Massachusets jamoat himoyachilari idorasida, keyinchalik Massachusets daromadlar departamentida, Massachusets axloq komissiyasida hamda AQSH prokuraturasida yuqori lavozimlarni egallagan va bir muddat Korrupsiyaga qarshi kurash boʻlimi boshligʻi boʻlgan.
S.Uoltersning prokuror sifatidagi faoliyati turli moliyaviy jinoyatlarni, jumladan, xorijiy korrupsiya amaliyotlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish, bozorni manipulyatsiya qilish, investitsiya maslahatchilarining firibgarligi, soliq toʻlashdan boʻyin tovlash kabi keng koʻlamli moliyaviy jinoyatlarni qamrab olgan.
M.Shreyber faoliyati davlat mansabdor shaxslarining murakkab jinoiy ishlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning sogʻliqni saqlash, qimmatli qogʻozlar va soliqqa oid firibgarlik, shuningdek, davlat xaridlari bilan bogʻliq yuzaga keladigan muammolarni tergov qilish va sudda koʻrish boʻyicha yuqori salohiyat va boy tajribaga ega. Uchrashuvda mezbonlar tomonidan korrupsiyaga oid ishlarni koʻrib chiqishning xususiyatlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va korrupsiyaga oid tergov ishlarini nazorat qilish xususida foydali maʼlumotlar berildi.
Shuningdek, muloqot davomida tomonlar korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sonini kamaytirishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar sifatida eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlar, korrupsiyaga qarshi kurashda davlat tomonidan amalga oshirilayotgan samarali choralar, shuningdek, korrupsiyaning oldini olishda zamonaviy axborot texnologiyalarining oʻrni yuzasidan oʻzaro fikr almashdilar.
Tashrif tafsilotlari yuzasidan batafsil maʼlumotlar berib boriladi, deb xabar beradi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati.