Farmonga koʻra, 2021-yil 1-sentyabrgacha Ochiq maʼlumotlar portali davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portali bilan integratsiya qilinadi.

2021-yil 1-avgustgacha Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi rasmiy veb-saytida va Portalda Ov qilish va ovchilik xoʻjaliklari toʻgʻrisidagi axborot bazasi ishga tushiriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga qoʻshimcha vazifalar yuklatildi. Agentlik, jumladan:

- davlat organlari va tashkilotlarining maʼlumotlarni Internetga joylashtirish majburiyatlari hisobini yuritadi;

- murojaatlardan kelib chiquvchi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqligi va shaffofligiga oid dolzarb masalalarni “Mening fikrim” veb-portali orqali umumxalq muhokamasiga chiqaradi.

Farmonga koʻra, “Davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

2021-yil 1-dekabrdan:

- yil yakunlari boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarining Ochiqlik indeksi aniqlanadi;

- quyidagi tadbirlar telekanallar, shuningdek, Internet orqali jonli efirga uzatiladi:

  • Qonunchilik palatasi va Senat majlislari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari;
  • taraflarning roziligi bilan ayrim huquqbuzarliklarga va oilaviy nizolarga oid fuqarolik sud ishlari.