Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlik kengaytirilmoqda

    Xalqaro hamkorlik 28 Oktabr 2020 1137

    Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlik aloqalari kengaytirilmoqda.

    Xususan, bugun, 27-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Malayziyaning korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi rahbariyati oʻrtasida onlayn uchrashuv oʻtkazildi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasining Malayziyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov, Korrupsiyaga qashi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov va Malayziya Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi rahbari Datuk Seri Azam va boshqa masʼul xodimlar ishtirok etishdi.

    Muloqot avvalida Korrupsiyaga qashi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov hamkorlarga Oʻzbekistonda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Agentlik faoliyati, shuningdek, kelgusidagi rejalar va dolzarb masalalar haqida batafsil maʼlumot berdi.

    Oʻz navbatida, Malayziya Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi vakillari tomonidan muassasa faoliyatiga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazildi. Taʼkidlanganidek, Komissiya 1967-yilda agentlik shaklida tashkil etilgan. Bugungi kunda 16 ta hududiy boʻlimlari mavjud boʻlib, tizimda jami 2500 ziyod xodimlar ishlaydi. Uchrashuv davomida ikki davlat korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi, idoralararo hamkorlik, shu jumladan, tomonlar oʻrtasida aloqalarning huquqiy asosi – oʻzaro anglashuv Memorandumini imzolash masalalari muhokama qilindi.

    Samimiy va ochiq muloqot ruhida kechgan uchrashuvda malayziyalik hamkasblar Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi yangi agentlik tashkil etilganidan mamnun ekanini, uning faoliyatini yoʻlga qoʻyishda oʻzaro hamkorlik qilishga, ekspert va konsultativ koʻmak koʻrsatishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.Muloqot yakunida har ikki tomon oʻzaro tajriba almashish, kadrlar malakasini oshirish boʻyicha tegishli loyihalarni hayotga tatbiq etishga kelishib olishdi.