Korruptsiyaga qarshi kurashish umummilliy birdamlikni talab etadi

    “Transparency international” tashkilotining “Korrupsiyani qabul qilish” indeksida 2020-yilda Oʻzbekiston 2019-yildagiga nisbatan 7 pogʻona yuqorilab, indeks bahosida qatorasiga 4 yil davomida barqaror oʻsishga erishdi.

    Korrupsiyaga qarshi kurash bugungi kundagi dunyo hamjamiyati oldida turgan eng dolzarb masalalardan biriga aylandi. Uning davlatlar, mintaqa iqtisodiyoti, siyosati, ijtimoiy hayotiga halokatli taʼsirini ayrim mamlakatlar inqirozi misolida koʻrishimiz mumkin.

    Masalaning yana bir muhim jihati - mamlakatdagi korrupsiya darajasi uning xalqaro maydondagi ham siyosiy, ham iqtisodiy nufuziga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatishi. Davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar, investitsiyalar hajmi, teng shartlarda ikki tomonlama shartnomalar imzolash kabi masalalarda ushbu mezon hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlmoqda. Shu bois, soʻnggi yillarda xorijiy davlatlarda boʻlib oʻtgan parlament va prezident saylovlarida ham siyosiy partiyalar korrupsiyaga qarshi kurashishni oʻzlarining eng muhim yoʻnalishlari sifatida koʻrsatmoqda. Ushbu illat toʻgʻrisidagi xavotirli mulohazalar dunyoning eng yuksak minbarlaridan ham tez-tez yangramoqda. BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterish jahon hamjamiyati korrupsiya tufayli har yili 2,6 trillion AQSH dollari miqdorida zarar koʻrayotganini taʼkidlashining oʻziyoq masalaning mohiyatini namoyon etib beradi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish Oʻzbekistonda ham davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Buni soʻnggi yilllarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan maʼmuriy islohotlar misolida koʻrishimiz mumkin. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini oshirishda Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining ahamiyati katta hisoblanadi.

    Harakatlar strategiyasining qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yana-da isloh qilishning ustuvor yoʻnalishida bevosita korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlari samaradorligini oshirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan. Ushbu dasturiy hujjat asosida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan qator muhim choralar koʻrildi.

    Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish tizimi tubdan takomillashtirilib, Prezidentning xalq qabulxonasi, virtual qabulxonasi, shuningdek, har bir vazirlik va davlat idoralarining ishonch telefonlari hamda virtual qabulxonalari ishga tushirildi. Respublika boʻylab 209 ta xalq qabulxonasi tashkil etilib, fuqarolarning huquqlarini tiklash ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Shuningdek, olis hududlarga barcha darajadagi rahbarlarning sayyor qabullarini oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

    Xalq qabulxonalari fuqarolarning oʻzi yashayotgan hududda hamda butun mamlakatda yuz berayotgan voqealarga befarq boʻlmasdan faol ishtirok etishiga imkoniyat yaratdi. Xalqning har bir masala boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilish erkinligi taʼminlanishi, mansabdorlarning xalq bilan bevosita muloqotga kirisha boshlaganining oʻziyoq quyi va oʻrta tizimdagi korrupsiya darajasi qisqarishiga sabab boʻldi.

    Ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlar erkinligini taʼminlashga, davlat idoralarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari uchun ochiq boʻlishiga, rahbarlarning kundalik faoliyatida jurnalistlar bilan yaqin muloqot va hamkorlik oʻrnatishiga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar koʻrildi. Natijada mansabdorlarning har bir xatti-harakati jamoatchilik koʻz oldida bor holicha namoyon boʻla boshladi. Zero, ochiqlik-oshkoralik mavjud joyda korrupsiyaga qoʻl urish murakkablashadi.

    Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi tubdan isloh qilinib, 150 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari aholiga qulay, markazlashgan hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali koʻrsatilmoqda. Ushbu jarayonda inson omilini kamaytirib, davlat xizmatchisi va fuqaro oʻrtasidagi toʻgʻridan toʻgʻri munosabatning bartaraf etilishi hamda axborot texnologiyalarining keng qoʻllanilishi, shubhasiz, korrupsiyaviy omillarni sezilarli darajada kamaytirdi.

    Soʻnggi yillarda davlat organlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlash mexanizmlari, shuningdek, jamoatchilik nazorati institutlari tubdan takomillashtirildi. Raqamli va onlayn texnologiyalarning keng qoʻllanilishi davlat organlarining jamiyat oldidagi hisobdorligini oshirdi. Yer uchastkalari va davlat aktivlarini, shuningdek, avtotransport vositalari uchun davlat raqam belgilarini onlayn auksionda sotish tizimi yoʻlga qoʻyildi hamda doimiy takomillashtirilib borilmoqda.

    Davlat xaridlari toʻgʻrisida maʼlumotlar d.xarid.uz saytiga joylashtirilib borilmoqda. Ochiq maʼlumotlar portali (data.gov.uz), yuridik shaxslar va tadbirkorlik subyektlarining hisobga qoʻyilgan maʼlumotlari bazasi (my.gov.uz) va boshqa platformalar bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishning eng samarali instrumentlari boʻlgan ochiqlik va shaffoflik hamda jamoatchilik nazorati prinsipini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan qoidalarni bekor qilish maqsadida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tubdan takomillashtirildi.

    Prezidentimizning 2018-yilda imzolangan qarorida har bir vazirlik va davlat idorasi huzurida jamoatchilik kengashi tashkil etilishi belgilab berildi. Albatta, bu kabi kengashlar davlat tashkilotlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatishda muhim boʻgʻin hisoblanadi.

    Yuqoridagi islohotlarning amalga oshirilishida davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qoʻyishga qaratilgan 70 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat mustahkam asos boʻlib xizmat qildi.

    Bu borada tashlangan eng muhim qadam davlatimiz rahbari oʻz lavozimiga kirishgandan soʻng ilk qonun hujjatlaridan biri sifatida “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunni imzolagani boʻldi. 2017-yilda qabul qilingan ushbu qonun bilan “korrupsiya”, “korrupsiyaviy huquqbuzarliklar”, “manfaatlar toʻqnashuvi” kabi tushunchalarga taʼrif berildi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat siyosati yoʻnalishlari belgilandi.

    Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2017-2018-yillarga moʻljallangan davlat dasturi qabul qilindi. Dastur doirasida qabul qilingan “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi, “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi, “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisida”gi, “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi qonunlar ham mohiyatan korrupsiyaga qarshi kurashish orqali iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

    2018-yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatida korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyani bartaraf etish boʻyicha qoʻmitalar tashkil etildi. Bu tuzilmalar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida parlament nazorati samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

    2019-yilda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ish boshladi. Barcha darajadagi davlat fuqarolik xizmati nufuzini oshirish, korrupsiyaning yuzaga kelishi, rasmiyatchilik va byurokratiyaga imkon beruvchi sharoitlarni yoʻq qilish maqsadida ushbu agentlikka davlat fuqarolik xizmatchilarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilishning munosib darajasini kafolatlash choralarini joriy etish vazifasi yuklatildi.

    Sud hokimiyati mustaqilligini yana-da mustahkamlash, sudyalarga qonunga xilof ravishda har qanday tarzda taʼsir oʻtkazish shart-sharoitlarini istisno etish, davlat organlari va tashkilotlarining hisobdorligi va faoliyati shaffofligini oshirish kabi masalalarni oʻzida aks ettirgan, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2019-2020-yillarga moʻljallangan davlat dasturi qabul qilindi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashishning institutsional asoslarini takomillashtirishda 2020-yil mamlakatimiz tarixidan alohida oʻrin egallaydi. Boisi, oʻsha yil 29-iyun kuni sohaning rivojiga turtki boʻladigan ikki muhim hujjat - Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatlar bilan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshiruvchi yangi tuzilma - Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.

    Agentlik davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini taʼminlash, shuningdek, mazkur sohadagi xalqaro hamkorlik uchun masʼul boʻlgan maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi. Shuningdek, farmon bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi etib qayta tashkil qilindi.

    Bundan tashqari, 2021-yil 1-yanvardan 37 ta litsenziya va 10 ta ruxsatnoma bekor qilindi. Yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashishda vazirlik va idoralar faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda soliq va bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xarita”si tasdiqlandi.

    Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar bilan birgalikda vazirlik va idoralar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish samaradorligini oshirishga qaratilgan idoraviy hujjatlar, turli sohalarda “korrupsiyasiz soha” dasturlari va boshqa reja-dasturlar qabul qilinib, ijrosi taʼminlanmoqda.

    2020-yilda Prezidentimiz raisligida korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishi boʻyicha oʻnga yaqin yigʻilish va uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bularning barchasi mamlakatimizda ushbu illatga qarshi davlat darajasida kurashishga qatʼiy bel bogʻlanganini anglatadi. Buni nafaqat mamlakatimiz fuqarolari, balki xalqaro hamjamiyat ham jiddiy siyosiy iroda sifatida qabul qilmoqda.

    Ayniqsa, davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida korrupsiyaga qarshi kurashishga alohida urgʻu berilib, Oʻzbekistonda bu ish yangi bosqichga koʻtarilgani, muhim qonun hujjatlari qabul qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi mustaqil tuzilma tashkil etilgani taʼkidlangani ushbu yoʻl mamlakatimiz uchun naqadar muhimligini butun dunyoga namoyon etdi. Mazkur ijobiy oʻzgarishlar mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan oʻsishini taʼminlash bilan bir qatorda xalqaro reytinglar va indekslarda yuqorilashga va yurtimiz nufuzini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

    Davlatlarda korrupsiya darajasi va unga qarshi kurashish borasida hukumatlar tomonidan amalga oshirilgan ishlarni baholab boruvchi eng muhim reytinglardan biri - “Transparency international” tashkilotining “Korrupsiyani qabul qilish” indeksida 2020-yilda Oʻzbekiston 2019-yildagiga nisbatan 7 pogʻona yuqorilab, indeks bahosida qatorasiga 4 yil davomida barqaror oʻsishga erishdi (2013-yilda 17 balldan 2020-yilda 26 ballgacha). Shu bois, ushbu tashkilot 2020-yilgi hisobotida Oʻzbekistonni mintaqaning tez surʼatlarda yaxshilanib borayotgan davlatlari qatorida eʼtirof etdi.

    Shuningdek, “Korrupsiyani qabul qilish” indeksi asosini tashkil qiluvchi 13 ta indeksning deyarli barchasida Oʻzbekiston barqaror oʻsish qayd etgan. Biroq erishilayotgan natijalarga qaramay, oldimizda ulkan vazifalar turibdi. Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomada ham korrupsiya masalasiga alohida toʻxtalib oʻtib, uning har qanday koʻrinishiga murosasiz boʻlish kundalik hayot tarzimizga aylanishi shartligini taʼkidladi. Murojaatnomada korrupsiyaga qarshi kurashish borasida belgilangan bir qator vazifalar “Yoshlarni qoʻllab- quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturida ham oʻz aksini topdi. Jumladan, agentlikka davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash mexanizmlarini yana-da takomillashtirish vazifasi belgilab berildi.

    Agentlik tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish va tahlillarga koʻra, hozirgi kunga qadar “Ochiq maʼlumotlar portalida”da 147 ta vazirlik va idoraning 10 mingdan ortiq ochiq maʼlumotlar toʻplami bor. Oʻrganish va tahlil yakuni boʻyicha 39 ta vazirlik, idora va tashkilot tomonidan berilgan 240 ta ochiq maʼlumotni kengaytirish borasidagi taklif loyihalari saralanib, roʻyxati tuzildi. Shuningdek, davlat dasturidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi islohotlarni yangi bosqichga koʻtaradigan “Ye-Antikorrupsiya” loyihasini ishlab chiqish masalasi ham oʻrin olgan. Loyiha doirasida barcha vazirlik va idoralardagi mavjud korrupsiyaviy omillar sohalar hamda hududlar kesimida chuqur tahlil qilinadi.

    Bu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, xalqaro ekspertlar va manfaatdor tashkilotlar jalb qilinadi. Natijada yurtimizda ilk bora korrupsiyaga moyil boʻlgan munosabatlar elektron reyestri shakllantiriladi. Bu, oʻz navbatida, korrupsiya alomatlari mavjud munosabatlarni zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida ochiq va shaffof mexanizmlar asosida bosqichma-bosqich bartaraf qilish imkonini beradi.

    Davlat dasturida yana bir muhim masalaga eʼtibor qaratilgan. Xususan, mazkur yoʻnalishdagi ishlarni tizimli va kompleks davom ettirish uchun 2021-2025-yillarga moʻljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasini ishlab chiqish belgilangan. Ushbu strategiyani ishlab chiqishda real vaziyatni toʻliq qamrab olgan yaxlit va bir butun reja boʻlishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Besh yilga moʻljallangan kompleks dasturiy hujjatni ishlab chiqish va uni amalga oshirish jarayonida muvaffaqiyatli natijaga erishgan davlatlar tajribasi oʻrganilmoqda. Eʼtiborli jihati, koʻpgina davlatlar korrupsiyaga qarshi kurashishda shu kabi strategik kompleks hujjatlarni qabul qilish va undagi vazifalarni tizimli tatbiq etish orqali sezilarli ijobiy natijaga erishmoqda.

    Gruziya, Estoniya, Gretsiya kabi davlatlar tajribasi shuni koʻrsatadiki, uzoq muddatga moʻljallangan kompleks dastur korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish samaradorligini oshirishga hamda xalqaro reytinglardagi oʻrni yuksalishiga olib kelgan. Yurtimizda ham korrupsiyaga qarshi kurashishda aynan uzoq muddatni koʻzlagan holda tizimli, kompleks dastur ishlab chiqilishi va tatbiq etilishi kelgusida bu boradagi islohotlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

    Bugungi kunda agentlik tomonidan Milliy strategiya loyihasi ustida jadal ish olib borilmoqda. Loyihadan joriy holat tahlili, ijobiy tendensiyalar, muammolar, korrupsiyani keltirib chiqarayotgan asosiy omillar, maqsad va uning indikatorlari oʻrin olgan. Unda barcha masalalar qamrab olinishi hamda davlat va jamiyat vakillarining fikr-mulohazalarini eʼtiborga olish maqsadida davlat organlari, mutasaddi tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, ilmiy doira vakillari, xalqaro ekspertlar ishtirokida milliy hamda xalqaro maslahatlashuv yigʻilishlarida keng muhokamadan oʻtkazib borilmoqda. Takomillashtirilgan strategiya loyihasi xalqimiz fikrini olish uchun jamoatchilik muhokamasiga ham qoʻyilishi rejalashtirilgan.

    Shuningdek, agentlik tomonidan joriy yilda Andijon, Xorazm, Jizzax va Navoiy viloyatlarida davlat xaridlarida korrupsion xatti-harakatlar va manfaatlar toʻqnashuvi holatlari mavjudligi oʻrganildi. Oʻrganishlar yakuni boʻyicha yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar bilan bir qatorda davlat xaridlari va investitsiya loyihalarini hamda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish boʻyicha tashkil etiladigan tender va tanlov komissiyalari tarkibi, davlat aktivlari oldi-sotdisi va davlat-xususiy sheriklik loyihalari jarayonlari ishtirokchilari, soliq va boshqa imtiyozlar oluvchilar kabi maʼlumotlarni ochiq eʼlon qilish boʻyicha asoslantirilgan takliflar tayyorlandi va hozir ularni yana-da takomillashtirish ustida ishlanmoqda.

    Aytish kerakki, korrupsiyaga qarshi kurashish bir tashkilot doirasida yechim topadigan vazifa emas. Bu illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilishi ayni muddaodir. Shundagina bu muammoning ildiziga bolta urishga erishamiz.

    Albatta, soʻnggi 3-4 yilda amalga oshirilayotgan ishlarning ijobiy natijalari koʻzga tashlanayotgani kishini quvontiradi. Yaʼni bugun xalqimizning fikri, mulohazalaridan ayon boʻlmoqdaki, korrupsiya ijtimoiy tarmoqlar, kundalik hayotimizda ishlatilayotgan eng koʻp soʻzlardan biriga aylanib ulgurdi. Bu esa korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim boʻgʻini hisoblangan aholida ushbu illatga nisbatan murosasizlik kayfiyati shakllanayotganidan darak beradi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilganidan buyon koʻpgina vazirlik va davlat idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlar, xalqaro tashkilotlar hamda fuqarolar oʻzlarining beminnat koʻmaklarini berishga doimo tayyor ekanini maʼlum qilib, hamkorlikda ishlar boshlab yuborilgan.

    Asosiysi, bugun jamiyatimizda korrupsiyaga nisbatan uygʻonayotgan murosasizlik kayfiyatini, jurnalist va blogerlardagi korrupsiyaga qarshi jangovar ruhni, davlat idoralari va mansabdor shaxslaridagi korrupsiya mamlakat kelajagiga gʻov sifatida qarashni yana-da kuchaytirish lozim. Bugun korrupsiyaga hamma qarshi, uni yoʻqotish kerakligini, u bilan mamlakat rivojlana olmasligini eng yuqori lavozimdagilardan tortib aholimizning katta qismi, ziyoli qatlam, ommaviy axborot vositalari vakillari tushunib yetdi. Endi yagona vazifa barcha harakatlarni birlashtirish va illatga qarshi birgalikda kurashish lozim.

    Bu esa, shubhasiz, mamlakatimizning yaqin va uzoq yillar uchun belgilab olingan rivojlanish strategiyalarini toʻliq amalga oshirishga xizmat qiladi.

    Akmal BURXONOV,

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori