Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasida malaka oshirish davlat xizmatchilari uchun majburiy boʻladi

    “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasida oʻqitishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Mazkur hujjat aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirishga qaratilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi (virtual akademiya)da oʻqitishni tashkil etish tartibini belgilaydi.

    Nizomga muvofiq, virtual akademiyada oʻquv faoliyatini tashkil etish va yuritish Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
    Akademiyada oʻqitish bazaviy (barcha foydalanuvchilar uchun bepul) hamda maxsus (toʻlov-shartnoma asosida) oʻquv kurslari boʻyicha yoʻlga qoʻyiladi.

    Bazaviy va maxsus oʻquv kurslari ishdan ajralmagan holda, asinxron rejimida masofadan turib, elektron taʼlim resurslarini mustaqil ravishda oʻzlashtirish asosida amalga oshiriladi.

    Bazaviy oʻquv kurslari taʼlim oluvchilarga korrupsiya tushunchasi, tarixi, oqibatlari, unga qarshi kurashish va oldini olishga doir masalalarni tushuntirish, yangiliklar, muammoli vaziyatlar va ularning yechimlari, savol-javob hamda turli xil sinovlar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.

    Taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, oʻquvchilari va talabalari uchun Maktabgacha va maktab taʼlimi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklari bilan birgalikda alohida oʻquv dasturlari ishlab chiqiladi.

    Maxsus oʻquv kurslarida malaka oshirish barcha davlat xizmatchilari uchun majburiy hisoblanadi. Bunda, ishga qabul qilinganidan soʻng uch oy ichida oʻquv kursidan oʻtadi, malaka oshirishning davriyligi har uch yilda kamida bir martani tashkil etadi.

    Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari va korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori boʻlgan davlat xizmati lavozimlarida faoliyat koʻrsatuvchi xizmatchilar uchun maxsus kurslar chuqurlashtirilgan oʻquv dasturlari asosida olib boriladi.

    Virtual akademiyada oʻquv jarayoni sifatli tashkil etilishini monitoring qilib borish agentlik tomonidan amalga oshiriladi.

    Davlat organlari va tashkilotlari har chorakning oxirgi oyi 25-sanasiga qadar ishga qabul qilinganiga uch oy toʻlgan davlat xizmatchilari toʻgʻrisida agentlikka taqdim etilgan maʼlumotlar asosida akademiya bilan kelishilgan holda oʻqitish reja-grafigi tasdiqlanadi.

    Davlat organlari va tashkilotlari virtual akademiyaning maxsus oʻquv kurslarida oʻz xodimlarining oʻqishga qatnashishi uchun masʼul hisoblanadi.

    Maxsus oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlaganlarga sertifikat beriladi.