Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasining Estoniya va Finlyandiyaga amaliy tashrifi boshlandi.
17-20-aprel kunlari boʻlib oʻtadigan mazkur ishchi tashrif Oʻzbekistonning Latviyadagi diplomatik vakolatxonasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) koʻmagida tashkil etildi.
Safar davomida mamlakatimiz vakillari Estoniya adliya, ichki ishlar vazirliklari, Elektron hukumat akademiyasi, Davlat xaridlari va davlat koʻmagi boshqarmasi, shuningdek, Finlyandiyaning tashqi ishlar, adliya, moliya vazirliklari, Raqobat va isteʼmolchilar idorasi hamda Xelsinki universiteti Qonun ustuvorligi markazi rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazishi rejalashtirilgan.
Uchrashuvlar davomida ushbu davlatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining shakllanishi, davlat idoralarining sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirish hamda korrupsiyaning oldini olish, xususan, davlat organlarining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligi boʻyicha tajriba almashiladi va oʻzaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi.
Bugungi kunda Estoniya elektron hukumatni joriy etish va rivojlantirish boʻyicha Yevropa hamda dunyoda yetakchilardan biri hisoblanadi. Aholiga koʻrsatiladigan davlat xizmatlari soni 600 dan ortiqni, tadbirkorlarga koʻrsatiladigan davlat xizmatlari soni esa 2400 dan ortiqni tashkil etadi.
Finlyandiya “Transparency International” xalqaro tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish indeksida 2-oʻrinni egallab, dunyodagi eng korrupsiyasiz davlat sifatida eʼtirof etib kelinmoqda.