Prezidentning “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (PQ–288-son, 19.09.2025-y.) da bu haqda belgilandi.
Qarorga koʻra, korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi har yili 1-aprelgacha Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashga quyidagilarni kiritib boradi:
- NNTlarning korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishidagi loyihalari va ularni tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan moliyalashtirish yuzasidan takliflar;
- korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki, jumladan, ular tomonidan amalga oshirilgan loyiha, tadqiqot va oʻrganishlar toʻgʻrisida axborot.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Yuksalish” harakati va “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazining ular muassisligida “Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari boʻyicha mintaqaviy tadqiqot markazi” nodavlat notijorat tashkiloti tashkil etiladi.
Aholining, ayniqsa, yoshlar, fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faolligini oshirish, jamiyatda ushbu illatga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish masalalarini tadqiq etish Markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.








