Korrupsiyaga qarshi kurash va korrupsiya darajasini oʻrganish boʻyicha “Transparency International” xalqaro tashkilot tomonidan 2020-yilda chop etilgan reytingga koʻra, Oʻzbekiston korrupsiya boʻyicha 26 ball bilan 183 mamlakat orasida 146-oʻrinni egallagan.

Bu ushbu sohada hali amalga oshirilishi lozim boʻlgan islohotlarni kechiktirib boʻlmasligi anglatadi. Albatta, korrupsiya darajasini qisqartirishga turli omillar taʼsir koʻrsatadi. Ularning biri qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining oʻzida korrupsion normalarning mavjudligi va bunday normalarning amaliyotga joriy etilishining oldini olishdir.

Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiya darajasini qisqartirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yil 24-fevralda adliya vaziri buyrugʻi (roʻyxat raqami – 3287) bilan “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.

Ushbu Nizomda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan cheklistlarni toʻldirish orqali korrupsiogen omillarni aniqlashni nazarda tutuvchi mutlaqo yangi tartib joriy etildi.

Bunda, hujjatning har bir normasi va qoidasi tahlil qilinib, korrupsiyaviy omil bor yoki yoʻqligi cheklistda aks ettiriladi.

Shu bilan birga, korrupsiyaviy omillar toʻliq qayta koʻrib chiqildi hamda huquqni qoʻllovchilar va fuqarolarga ularning maʼnosi aniq, loʻnda va batafsil misollar bilan yoritilgan metodika asosida tushuntirib berilyapti.

Jumladan, qonunchilikda asossiz ravishda istisnolar kiritilishini nazarda tutish cheklandi, qabul qilinayotgan norma barcha uchun yagona va umumiy boʻlishi belgilandi.

Normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiquvchilarga qulaylik yaratish maqsadida korrupsiyaviy omillarga aniq misollar keltirildi.

Endilikda loyihalarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishda jamoatchilik keng jalb qilinadi.

Bunda fuqarolar regulation.gov.uz portalida cheklist toʻldirish orqali qonun hujjatlari loyihalari boʻyicha oʻz fikr va mulohazalarini bildirishi mumkin.

Bundan tashqari, amaldagi qonun hujjatlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi hozirgi kunda samarali yoʻlga qoʻyilgan huquqiy monitoring tizimi doirasida oʻtkazilishi belgilandi.

Hujjatdan koʻzlangan asosiy maqsad korrupsiyaning qonuniylashtirilib olinishiga oʻz vaqtida chek qoʻyishdir.

Sherali Subxonov,

Toshkent davlat yuridik universiteti

Fuqarolik protsessual va iqtisodiy protsessual huquq kafedrasi oʻqituvchisi.