Kirish imtihonlarida yuqori ball olish “tizim”i shunchalar zoʻr yoʻlga qoʻyilgandiki, vaqti kelib uning yoʻqolishiga, toʻgʻrisi, hech kim ishonmasdi.
Biroq davlatimiz rahbarining kuchli siyosiy irodasi bu “katta bozor”ni chilparchin qildi. Oliy oʻquv yurtiga kirish ushalmas orzu emas, bilim asosida baholanadigan haqiqiy imkoniyatga aylandi. Avvallari koʻpchilik faqat pul va tanish-bilish orqali oʻqishga kira olish mumkin deb oʻylardi. Lekin soʻnggi yillarda qabul jarayoniga kiritilgan shaffoflik, adolatli baholash tizimi va korrupsiyaga qarshi kurashish choralari bu tasavvurni tubdan oʻzgartirdi.
Hozir test sinovlari maxsus kuzatuv kameralari ostida oʻtkaziladi. Auditoriyalarga begonalarning kirishi cheklangan. Har bir abituriyentning natijasi avtomatik tarzda hisoblanadi. Eng muhimi, barcha uchun teng imkoniyat yaratilib, bilimlilar oʻz salohiyatini namoyon eta oladigan muhit shakllantirildi. Bugungi yoshlar oʻz bilim va mehnati bilan oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi mumkinligiga ishonayotgani bu — islohotlarning eng katta yutugʻi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Taʼlim sohasi raqamlashib, imtihonlar shaffoflashdi, adolat mezonlari ustuvor ahamiyat kasb etdi. Ortiq tanish-bilishchilik yoki yoʻl topish haqida oʻylashga zarurat qolmadi. Oʻtgan yili joriy etilgan “avval test, keyin tanlov” tizimi esa oliy taʼlim olish imkoniyatini yanada kengaytirdi. Endi abituriyentlar oldin test topshirib, bilimiga koʻra ball toʻplaydi va keyin shu natija asosida oʻziga mos OTM tanlaydi. Bu tizim abituriyentlarga keng tanlov berish barobarida adolatni taʼminlashga xizmat qilmoqda. Yuqori ball toʻplagan har bir yosh teng imkoniyat asosida davlat grantiga ega boʻlishi mumkin. Shuningdek, kamroq ball olganlar toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olish yoʻlini tanlaydi.
Albatta, taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga hali ham ehtiyoj bor. Joriy yil 5-mart kuni davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashning kengaytirilgan yigʻilishida ham aynan shu masalaga alohida eʼtibor qaratildi. Prezidentimiz islohotlar hal qiluvchi bosqichga qadam qoʻyayotgan bugungi sharoitda mamlakatimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish boʻyicha qilinayotgan ishlarga baho berib, kelgusi ustuvor vazifalarni aniq belgilab olish zarurligini taʼkidladi.
Korrupsiya — jamiyatning ichiga tushgan qurt. U kelajakda meva berishi kerak boʻlgan kurtaklarni quritadi. Davlatimiz bu illatni tamoman yoʻqotishga azmu qaror qilgan. Bundan buyon farzandlarimizga taʼlim berish barobarida korrupsiyaning eng mayda alomatlaridan xoli boʻlishini taʼminlashimiz kerak. Bu, eng avvalo, talaba va oʻquvchilarning imtihonlarda koʻchirmakashliklarga befarq boʻlmasligi, bu illatga qarshi murosasizligidan boshlanadi.
Xorijiy tajribaga koʻra, taʼlimda korrupsiyaga qarshi kurashish huquqiy choralar bilan birga jamiyat ongini oʻzgartirishga ham bogʻliq. Imtihonlar aniq qoidalar asosida oʻtkazilib, talabalardan akademik halollik qatʼiy talab qilinishi shart. Yoshlarimizda korrupsiyaga qarshi immunitet shakllantirsak, halollik madaniyatini milliy madaniyatimizga aylantirsak, oʻquv jarayonida har qanday aldov yoki noqonuniy yoʻllarga murosasizlikni tarbiyalasak, jamiyatimizda adolat va shaffoflik ustuvor qadriyatga aylanadi.
Taʼlim tizimida korrupsiyaga qarshi kurash faqat jazo choralari bilan cheklanib qolmasligi kerak. Masalan, Singapur va Kanada kabi davlatlarda akademik halollikni targʻib qilish maktab va universitetlar darajasida keng joriy etilgan. Talabalarga adolatli raqobat muhiti yaratilib, bilimini xolis baholash tizimi takomillashtirilgan. Shu bilan birga, oʻquvchilar oʻz huquq va majburiyatlarini yaxshi tushunishi uchun maxsus dasturlar ishlab chiqilgan.
Buyuk Britaniya hamda AQSHda esa talabalar va oʻqituvchilar oʻrtasida ochiq muloqotni taʼminlash uchun maxsus platformalar yaratilgan. Bu tizimlar orqali talabalar imtihon jarayonida yoki baholashdagi adolatsizlikni anonim tarzda xabar qilishi mumkin. Bunday yondashuv taʼlim tizimini hech qanday aralashuvsiz, haqiqiy bilimga asoslangan holda shakllantirishga yordam beradi.
Biz ham yoshlar ongida korrupsiyaga qarshi murosasizlikni shakllantirishimiz, bilim va salohiyat haqiqiy qadriyatga aylanishi uchun taʼlim tizimida islohotlarni izchil davom ettirishimiz shart. Bu yoʻlda nafaqat davlat, balki ota-onalar, oʻqituvchilar va jamiyatning har bir aʼzosi oʻz masʼuliyatini his qilishi juda muhim. Shundagina korrupsiyadan xoli, adolat va shaffoflikka asoslangan taʼlim tizimini yaratishimiz mumkin.
Oliy taʼlim tizimida raqamlashtirish jarayoni keng miqyosda amalga oshirilmoqda. Bu esa abituriyentlar, talabalar va professor-oʻqituvchilar uchun qulaylik yaratish bilan birga taʼlim jarayonida shaffoflikni taʼminlashga xizmat qilmoqda. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda uning tarmogʻida 36 ta axborot tizimi ishlab chiqilgan. Mazkur tizimlar OTM, litsey, kasbiy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qabul jarayonini toʻliq raqamlashtirish imkonini berdi. Jumladan, my.edu.uz va my.uzbmb.uz axborot platformalari orqali abituriyentlar oʻz hujjatlarini onlayn topshirish imkoniyatiga ega boʻldi. Bu esa vaqt va mablagʻni tejash, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirishga olib keldi.
Shuningdek, taʼlim jarayonini samarali boshqarish maqsadida Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi — HEMIS joriy etildi. Bu tizim 35 turdagi statistik maʼlumotlarni raqamlashtirishga yordam berdi. Guruh jurnallari, oʻzlashtirish qaydnomalari, dars va imtihon jadvallari, diplom va akademik maʼlumotlar, talabalar hamda professor-oʻqituvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yagona platformada saqlanadi. Bundan tashqari, HEMIS takomillashtirilib, talabalar uchun davomat va imtihon natijalari boʻyicha apellyatsiya berish mexanizmi joriy etildi.
Kasbiy (prof.edu.uz) va oʻrta maxsus taʼlim (emis.edu.uz) muassasalarida ham maʼmuriy jarayonlar axborot tizimlari orqali boshqarilmoqda. Talabalarga elektron shartnomalar taqdim etish, onlayn toʻlovlar va monitoring yuritish uchun EduBilling axborot tizimi ishga tushirildi. Bu tizim orqali shartnomalar faqat elektron shaklda olinadi. Natijada tayyorlash vaqti 70 foiz qisqardi, byurokratik jarayonlar esa 90 foiz kamaydi.
Oliy taʼlim muassasalarida bilimlarni nazorat qilish va baholash tizimi Blind assessment usulida yoʻlga qoʻyildi. Bu usul talabalarning bajargan ishlarini kodlash orqali baholash jarayonida shaffoflik va xolislikni taʼminlaydi. Diplom maʼlumotlarini yagona baza (diplom.edu.uz) orqali tekshirish imkoniyati yaratildi. 1991-2020-yillarda berilgan 1,5 milliondan ortiq diplomning 84 foizi raqamlashtirildi.
Talabalar va ota-onalari uchun onlayn toʻlov tizimi joriy etildi. Click, Payme va Zoomrad orqali kontrakt toʻlovi, stipendiya maʼlumotlari va ijara shartnomalari toʻliq raqamlashtirildi. Yotoqxona oʻrinlarini shaffof va avtomatlashtirilgan tarzda taqsimlash, talabalarning joylashuvi boʻyicha elektron kuzatuv tizimini joriy etish ishlari bajarildi.
Bundan tashqari, stipendiya tayinlash va toʻlash jarayoni toʻliq raqamlashtirilib, inson omili aralashuvi yoʻq qilindi. Elektron shartnomalarni verifikatsiya qilish orqali byurokratik jarayonlar sezilarli darajada qisqardi.
Taʼlim tizimidagi bu kabi raqamlashtirish ishlari korrupsiyani kamaytirish, byurokratik toʻsiqlarni yoʻq qilish va taʼlim jarayonlarini yanada shaffoflashtirishga xizmat qilmoqda. Elektron hujjat aylanmasi, onlayn monitoring va avtomatlashtirilgan baholash tizimi orqali talabalar uchun teng imkoniyat yaratilib, taʼlim tizimi xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlanmoqda.
Oliy taʼlim muassasalarida talabalar va oʻqituvchilar uchun qulayliklarni oshirish maqsadida “Registrator ofis”lar tashkil etildi. Bu innovatsion yondashuv “Yagona darcha” tamoyili asosida ishlab, 30 turdan ortiq xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Endi talabalar oʻquv jarayoni bilan bogʻliq turli maʼmuriy masalalarni bitta ofis orqali oson va tez hal qilish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Yangi tizimning asosiy maqsadi byurokratik toʻsiqlarni kamaytirish va inson omili aralashuvisiz xizmat koʻrsatish samaradorligini oshirishdan iborat. Shu sababli kelgusida “Registrator ofis”lar orqali avtomatlashtirilgan xizmatlar soni bosqichma-bosqich koʻpaytirilishi rejalashtirilgan. Bu esa talabalar vaqtini tejash, jarayonlarni shaffoflashtirish va taʼlim tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Raqamlashtirish jarayoni jadal davom etayotgan hozirgi davrda bu kabi tashabbuslar taʼlim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, talabalar uchun esa qulay muhit yaratish yoʻlidagi muhim qadamlardan.
Oliy taʼlim tizimida erishilgan natijalar bilan birga kamchiliklar ham yoʻq emas. Ularni bartaraf etish uchun qator ishlarni bajarishni maqsad qilganmiz. Xususan, qoʻshimcha toʻlov asosida oʻqishga qabul qilingan talabalarning bilim darajasini muntazam tahlil qilish, imtihon natijalarini qatʼiy nazoratga olish ularning oʻquv jarayoniga masʼuliyatini oshirishga xizmat qiladi. Bunday yondashuv bilim darajasini koʻtarish bilan birga taʼlimdagi xolislikni taʼminlashga ham yordam beradi. Shu bilan birga, OTMlarda rahbar-xodimlarning rotatsiya qilinishi tizimda yangi fikr va yondashuvlarni shakllantirish, boshqaruv samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Professor-oʻqituvchilarni lavozimlarga ishga qabul qilish jarayonini raqamlashtirish, tanlovlarning shaffof va ochiq oʻtishini taʼminlash har bir nomzodga teng imkoniyat yaratishga xizmat qiladi. Ilmiy salohiyatga ega mutaxassislarning munosib lavozimga ega boʻlishi taʼlim tizimi rivojida katta ahamiyatga ega. Shuningdek, oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida korrupsiyaga qarshi raqamlashtirilgan reyting tizimini joriy etish orqali qaysi OTMda shaffoflik va adolat ustuvor ekani aniqlanadi. Bu esa barcha oliygohlarni tizimdagi islohotlarni yanada samarali olib borishga undaydi.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlarni toʻliq ochiq va shaffof oʻtkazish, barcha fuqarolarga uni onlayn kuzatish imkoniyatini berish muhim ahamiyatga ega. Bu talabalarga teng sharoit taqdim etish va har bir ishtirokchining bilimi munosib baholanishini taʼminlash imkonini beradi. Shu bilan birga, OTM rahbar xodimlari va professor-oʻqituvchilarning vakant lavozimlarga hujjat topshirish jarayonini raqamlashtirish adolatli tanlov tizimini shakllantirishni taʼminlaydi.
Talabalar va pedagog xodimlarning huquqiy ongi hamda madaniyatini oshirish, korrupsiyaga nisbatan toqatsizlikni shakllantirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishda keng jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozim. Bu yoʻnalishda muntazam tadbirlar tashkil etish, maʼrifiy loyihalarni amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi targʻibot ishlarini kuchaytirish taʼlim tizimining umumiy madaniyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Shuningdek, talabalarning ota-onalari, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha qilinayotgan ishlar haqida fakultetlarda “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini oʻtkazish tizimdagi ishonchni mustahkamlaydi.
Oliy taʼlim tizimi jamiyatning tayanchi va taraqqiyotning muhim boʻgʻinidir. Ushbu tizimda adolat va shaffoflik taʼminlansa, ilm-fan va taʼlim yanada rivojlanadi, mamlakat taraqqiyotiga asos boʻladi. Korrupsiyadan xoli, halollik tamoyillariga asoslangan oʻqitish tizimi esa kuchli davlat, kuchli iqtisodiyot hamda kuchli jamiyatni shakllantirishda asosiy omillardan biri boʻlib qoladi. Bugun qabul qilinayotgan qarorlar va amalga oshirilayotgan tashabbuslar esa kelajak taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Qoʻngʻirotboy SHARIPOV,
oliy taʼlim, fan va
innovatsiyalar vaziri