Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 -yil 27 -maydagi “O'zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonida oliy ta'lim tizimida «Korruptsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish belgilab berilgan edi. Ushbu vazifani amalga oshirish maqsadida, sohada korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon berayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan “Yo'l xaritalari” ishlab chiqilib, ijroga qaratildi. Shuningdek, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi va uning quyi tuzilmalarida korruptsiyaga qarshi kurashish “Komplaens-nazorat” tizimini joriy etish va muvofiqlashtirishga mas'ul bo'lgan bo'linmalar faoliyati yo'lga qo'yildi.

Tizimda bo'sh ish o'rinlariga nomzodlarni ishga qabul qilish, manfaatlar to'qnashuvini boshqarish, korruptsiyaviy jinoyatlar haqida xabar berish tartibi hamda davlat xaridlarini amalga oshirishning ochiq va shaffof mexanizmlarini o'zida ifodalagan 13 ta ichki idoraviy hujjatlar xalqaro standartlarga mos ravishda qayta qabul qilinishi ta'minlandi.

O'tgan davr mobaynida oliy ta'lim muassasalarida korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish mavzusida 135 ta profilaktik tadbir, 1.281 ta davra-suhbati, seminar, ma'rifiy tadbirlar, 380 ta tanlov tashkil etilib, ularda 20 ming nafardan ortiq professor-o'qituvchi, 170 ming nafarga yaqin talaba va yoshlar hamda 320 nafar ma'ruzachi-trenerlar qamrab olindi.

Shuningdek, telegram ijtimoiy tarmog'ida maxsus bot faoliyati yo'lga qo'yilib, u orqali oliy ta'lim vaziri va uning o'rinbosarlariga murojaat yo'llash imkoniyati yaratildi. Malakaviy ish va dissertatsiyalarning elektron bazasi yaratildi va oliy ta'lim muassasalarida plagiatga qarshi dasturlar joriy qilindi. Ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug'ullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qo'shimcha haq to'lash tartibi hamda professor-o'qituvchilarning malaka oshirish bilimini baholash to'liq elektronlashtirildi va muqobil malaka oshirish turlari joriy etildi.

Oliy ta'lim tizimida o'tkaziladigan tenderlar hamda savdo tanlovlarining shaffof, ochiq va haqqoniyligini ta'minlash maqsadida tizimda byudjet mablag'larini sarflash bo'yicha Oliy va o'rta ta'lim vazirligining Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasiga vazirlik tizimidagi muassasalarning ma'lumotlar bazasidan “O'zASBO” dasturiy majmuasi vositasida masofadan turib kuzatib borish huquqi berildi.

Ta'kidlash joizki, “Korruptsiyasiz soha” loyihasi doirasida amalga oshirilgan mazkur tadbirlar natijasida sohada qonunbuzarliklar kamayishiga erishildi.  2019 yilda oliy ta'lim sohasida 142 ta jinoyatlar sodir etilgan bo'lsa, 2020 yilda bu ko'rsatkich 39 foizga (87 ta) yoki jinoyat sodir etgan shaxslar soni
35 foizga (171/111 nafar) kamaygan. 2021 yilning 6 oyida bu ko'rsatkich 16 tani tashkil etib, unda ishtirok etganlar 26 nafardan iborat bo'ldi.

Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ayrim oliy ta'lim muassasalarida korruptsiyani keltirib chiqarayotgan omillar, unga sabab bo'layotgan shart-sharoitlar, byudjet va byudjetdan tashqari mablag'lardan foydalanish, ish haqi, stipendiya va boshqa to'lovlarning to'lanishi hamda davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunchilikka rioya etilishi o'rganilganida qator qonunchilik talablari buzilganligi aniqlandi. Masalan, Buxoro davlat universitetida 348 ming so'mlik moddiy boyliklar qimmat narxlarda xarid qilingan, 222 ming so'mdan ziyod mablag'lar esa maqsadsiz sarflangan. 246 ming so'mdan ortiq shartnomada ko'rsatilmagan jihozlar sotib olingan. Qurilish tanlovlarini o'tkazishda 20 mlrd.so'mlik tanlovlarda davlat xaridlariga oid qonun talablariga rioya etilmagan. Buxoro muhandislik-texnologiya institutida magistrantlarga 13 653 200 so'm stipendiya ortiqcha to'langan. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti esa tomonidan o'tkazilgan 1,1 mlrd.so'mlik tanlovlarda davlat xaridlariga oid qonunchilik talablari buzilgan.

Shuningdek, Buxoro davlat tibbiyot institutida 136.646,6 ming so'mlik stipendiya, ish haqi va boshqa to'lovlar noqonuniy to'langan hamda xodimlarni rag'batlantirishda ijtimoiy adolat va tenglik printsiplari buzilgan. Ushbu ta'lim muassasasida, xodimlarni moddiy rag'batlantirishda ham adolat tamoyillari buzilganligi aniqlandi. Innovatsiya sohasiga aloqasi bo'lmagan texnik xodim innovatsiya sohasi bo'yicha rag'batlantirilgan. Shuningdek, institut akademik litsey binosini ta'mirlash bo'yicha berilgan 27 mlrd so'mdan ziyod e'lon o'rganilganida, qurilish ishlari aslida bajarib bo'linganligi ma'lum bo'ldi.

Oliy va o'rta maxsus ta'lim tizimida “Korruptsiyasiz soha” loyihasi doirasida ishlar davom ettirilmoqda.