Korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytiriladi

    Mamlakatimizda 6 Aprel 2023 1729

    Senatning oʻttiz toʻqqizinchi yalpi majlisida “Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Taʼkidlanganidek, Jinoyat kodeksi “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama bilan toʻldirilib, unga koʻra Kodeksning tegishli moddalari, qismi va bandlarida nazarda tutilgan qilmishlar korrupsiyaga oid jinoyatlar deb topilishi belgilanyapti, hamda ushbu jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish nazarda tutilgan.

    Shuningdek, ushbu Qonun bilan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar orqali oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash uchun hukm qilingan, biroq jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni toʻliq qoplamagan shaxslarga hamda pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish va jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish kabi normalar qoʻllanilmaydi.

    Qonunga muvofiq davlat organi va tashkilotlari, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organi, nodavlat notijorat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga ogʻdirib olish bilan bogʻliq jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash belgilanyapti. Kiritilayotgan oʻzgarishlar korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish hamda ushbu illat sodir etilganda jazo muqarrarligini taʼminlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

    Shuningdek, senatorlar tomonidan kiritilayotgan oʻzgartirishlar korrupsiyaviy jinoyatlarni aniq belgilash va ushbu turdagi jinoyatlarga qarshi tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqish, korrupsiyaviy jinoyatlarni oldini olish, korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan adolatli jazo belgilanishiga hamda jinoyat oqibatida jabrlanganlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilinishiga xizmat qilishi qayd etildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.