Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy boʻlinmalari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyoti Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi (roʻyxat raqami 3383, 31.08.2022-y.)

Unga koʻra, davlat tashkiloti tomonidan korrupsiyaviy xavf-xatarlar har yili 1-martgacha baholanadi.

Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash maxsus boʻlinma yoki ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat tashkiloti faoliyatidagi (vazifa va funksiyalardagi) korrupsiyaviy xavf-xatarlar ichki va tashqi axborot manbalari asosida aniqlanadi.

Korrupsiyaviy xavf-xatarlarning darajasi past, oʻrta, yuqori oʻlchovlarda baholanadi.

Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash natijalari asosida davlat tashkilotining umumlashtirilgan korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi ishlab chiqiladi va “E-anticor.uz” elektron platformasiga har yili 1-fevralga qadar kiritiladi.

Platformada joylashtirilgan davlat tashkilotlarining korrupsiyaviy xavf-xatarlar xarita loyihalari asosida avtomatik ravishda korrupsiyaga moyil boʻlgan munosabatlar elektron reyestri shakllantiriladi.

Davlat tashkiloti rahbari har yili 1-martgacha korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha dasturini “E-anticor.uz” elektron platformasi orqali tasdiqlaydi.