Mahsulotlar faqat ichki bozorga chiqarilmoqda. Bundan tashqari, mollar goʻsht olish uchun ham boqiladi. Har bir naslli mol 1 tonnaga yetguncha boqiladi. Oyiga 40-50 tonna goʻsht isteʼmolchilarga yetkazib berilmoqda.

Fargʻona viloyatining Qoʻshtepa tumani “Istiqlol” MFYdagi “Shukur Davlat” koʻp tarmoqli xususiy fermasi tomonidan 1000 bosh qoramolga moʻljallangan umumiy qiymati 11,7 milliard soʻmlik chorvachilik kompleksi hamda sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash loyihasi amalga oshirildi. Loyiha uchun tadbirkor oʻz hisobidan 1,5 milliard soʻm, xorijiy kredit liniyasidan 700 ming AQSH dollari miqdorida mablagʻ sarfladi.

Loyiha ishga tushirilgandan soʻng 100 ta doimiy hamda ekin va yigʻim terim ishlari uchun yana 100 dan ortiq mavsumiy ish oʻrni yaratildi. Ayni kunlarda bu yerda 1200 bosh zotdor qoramol boqilmoqda. Ular koʻpaytirilib, viloyatdagi boshqa fermer xoʻjaliklariga shartnoma asosida yetkazib berilayotir. Zamonaviy sutni qayta ishlash tarmogʻida oʻndan ortiq turdagi sut mahsulotlari tayyorlanyapti. Kuniga 3 tonnadan ziyod sut qayta ishlanib, buyurtmachilarga yetkazib berilmoqda.

– Ota-bobolarimiz chorvachilik bilan shugʻullangan, – deydi taʼsischilaridan biri Davlatjon Saydaliyev. – Mazkur korxonani uzoq yillar davomida otam boshqardi. Keyin ishni akam bilan davom ettirdik. Yozda Estoniya davlatidagi taʼminotchi hamkorlar tomonidan qiymati 623,7 ming yevroga teng 297 bosh naslli qora mol olib keldik. Hozirgi kunda fermamizda Germaniya, Avstriya, Estoniyadan keltirilgan 1 ming 200 ga yaqin naslli qoramol bor. Chorvachilikda yem-xashak yetkazib berish eng katta muammo. Dastlab ozuqa yetishtirish uchun 150 gektar yer bor edi. Joriy yilda yana 400 gektar yer ajratib berildi. Mazkur maydonlarda yovvoyi bugʻdoy, makka joʻxori kabi ozuqa mahsuloti yetishtirilmoqda.

Fermaga Germaniya davlatining “Mondelez International” kompaniyasi tomonidan dastgohlar hamda Turkiya davlatining “Cezar” kompaniyasidan sut sogʻish uskunalari olib kelinishi uchun shartnomalar imzolangan. Ushbu uskunalar joriy yilning dekabr oyigacha yetkazib keltirilishi rejalashtirilmoqda.