Korxona rahbari kredit mablag'larini o'zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yubordi

    Makaron mahsulotlari ishlab chiqarish uskunasini sotib olish uchun 750 million so'm kredit ajratilishiga erishgan tadbirkor, ushbu kredit mablag'ini boshqa MCHJga o'tkazish orqali naqdlashtirib olib, talon-toroj qilgan.

    Departamentning Sho'rchi tuman bo'limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o'tkazildi.

    “Qishloq qurilish bank” ATB SHo'rchi filialining murojaatiga asosan o'tkazilgan tekshiruvda aniqlanishicha, “K.J.” MCHJ rahbari B.E. garov ta'minoti sifatida qo'yilgan bino-inshootlarning narxini soxta hujjatlar orqali 186 mln so'mga suniy ravishda oshirgan holda baholatib, non ishlab chiqarish sexi va savdo do'koni qurish uchun 2 mlrd so'm kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablag'ni o'zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborib, talon-toroj qilganligi aniqlangan.

    Departamentning Oqqo'rg'on tuman bo'limi tomonidan o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, tumandagi “P.” MCHJ rahbari A.T. ATB “Mikrokreditbank”ning Oqqo'rg'on filialidan makaron mahsulotlari ishlab chiqarish uskunasini sotib olish uchun 750 mln so'm kredit ajratilishiga erishib, ushbu kredit mablag'ini “A-K.” MCHJga o'tkazish orqali naqdlashtirib olib, talon-toroj qilganligi aniqlangan.

    Shuningdek, Termiz tumanida “P.K.” xususiy korxonasi rahbari K.P. “Turonbank” ATB Termiz filialidan zamonaviy issiqxona qurish orqali limonchilik faoliyatini tashkil etish uchun ajratilgan 400 mln so'm kredit mablag'ini o'zi norasmiy ravishda rahbarlik qilib kelgan “K.B.” MCHJga soxta shartnoma asosida o'tkazib, issiqxona tashkil etmasdan, talon-toroj qilganligi aniqlangan.

    Bundan tashqari, Jarqo'rg'on tumanida “N.Y.” MCHJ rahbari D.Q. “Ipoteka bank” ATIB Surxondaryo filialidan baliqchilik xo'jaligini rivojlantirish maqsadida 300 mln so'm kredit ajratilishiga erishib, kredit mablag'ini o'zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab, talon-toroj qilganligi aniqlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo'zg'atilib, tergov harakatlari o'tkazilmoqda. Bu haqida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.