Korxonalarni Fransiya tajribasi asosida transformatsiya qilinadi

    Energetika 1 Iyul 2022 14884

    Energetika vazirligi tasarrufidagi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ mutaxassislari Parij shahrida Fransiya rivojlanish agentligi tomonidan tashkil etilgan ishlab chiqarish jarayonini transformatsiya qilish, energetika sohasida tarif siyosatini belgilash va korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha oʻquv kurslarida ishtirok etyapti.

    Oʻquv kurslar doirasida tinglovchilar uchun korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, transformatsiya jarayonlarini olib borish hamda xoʻjalik va tashkiliy jarayonlarni monitoring qilish, boshqarishga yoʻnaltirilgan korporativ axborot tizimi kabi yoʻnalishlarda seminarlar tashkil etilyapti.

    Oʻquv kursida ishtirok etayotgan, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Iqtisodiyot, prognozlashtirish va tariflarni shakllantirish boʻlimi boshligʻi Abdurashid Mutalipovning aytishicha, bu kabi oʻquv kurslari ish natijadorligini oshirishga, ishlab chiqarish jarayoni operativ samaradorligini taʼminlashga ijobiy taʼsir etadi.

    Hozirda, sohada keng koʻlamli transformatsiya jarayonlari ketyapti. Ayni oʻquv kursi bu borada mutaxassislarning mavjud bilim va tajribasini mustahkamlashda hamda mazkur yoʻnalishdagi xalqaro tajribani yanada kengroq oʻzlashtirishda ayni muddao.

    Oʻquv kurslari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya hamda Iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirliklari koʻmagida amalga oshirilyapti.

    Maʼlumot oʻrnida, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan bu kabi oʻquv kurslarida xodimlarning malakasini oshirish ishlari 2022-yil uchun belgilangan tizim korxonalari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakalarini oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” doirasida amalga oshirilyapti, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ maʼlumotiga tayanib.