Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, "Korzinka" supermarketlar tarmogʻi tomonidan turli xil usullarda tarqatilayotgan reklama axborotida "Kundalik xaridlarga eng arzon narx", "Eng arzon narx — Korzinkada", "…Eng unumlisiga keling!" degan reklamasida foydalanuvchilarni chalgʻitadigan yoki chalgʻitishi mumkin boʻlgan soʻz jumlalaridan foydalanilganligi kuzatildi.
Mazkur reklama axborotida qayd etilgan maʼlumotlarni oʻrganish natijasida, aksiya doirasida kundalik ehtiyojlar uchun kerak boʻladigan maʼlum bir miqdordagi mahsulotlardan iborat boʻlgan katalog joriy qilinganligi maʼlum boʻldi.
Shuningdek, ushbu katalogga kiritilgan mahsulotlarning narxlari turli supermarketlar tarmogʻi hamda dehqon bozorlardagi xuddi shunday mahsulotlarning narxlari boʻyicha oʻtkazilgan monitoringlar natijasiga koʻra solishtirilganligi hamda taqqoslash uchun har bir tovarning alohida emas, balki savatning (katalogning) umumiy narxi olinganligi Qoʻmita tomonidan aniqlandi.
Xususan, "eng arzon narx" deb eʼlon qilingan mahsulotlarning alohida turlari boʻyicha narxlari boshqa supermarketlar va dehqon bozorlarida sotilayotgan xuddi shu turdagi mahsulotlar narxlaridan farq qilmasligi kuzatildi.
Reklamani bunday koʻrinishda boʻlishi reklamadan foydalanuvchilarni chalgʻituvchi yoki chalgʻitishga olib keluvchi holat deyilishi mumkin.
Yuqoridagilarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining "Reklama toʻgʻrisida"gi Qonuni 16-moddasi birinchi qismi va Oʻzbekiston Respublikasining "Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi Qonuni 6-moddasi birinchi qismi talablari buzilishi alomatlari yuzasidan "ANGLESEY FOOD" MCHJga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatildi.