“Kosmik faoliyat toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ-1017-son, 13.01.2025-y.) qabul qilindi

    Qonun kosmik faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

    Kosmik faoliyatni amalga oshirishning asosiy maqsadlari:

    • barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga, mamlakatning mudofaa qobiliyati va xavfsizligini mustahkamlashga koʻmaklashish;
    • Yer, kosmik fazo va osmon jismlarini tadqiq qilish, shuningdek ular haqidagi ilmiy bilimlarni toʻplash va rivojlantirish;
    • kosmik texnologiyalar yordamida tarmoqlarni raqamlashtirishni jadallashtirish;
    • kosmik texnologiyalar yordamida mamlakat hududini ilmiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik, tijorat va boshqa sohalar manfaatlarida tadqiq qilish;
    • kosmik faoliyat sohasida kosmik xizmatlar koʻrsatish va boshqalar.

    Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (“Oʻzbekkosmos”) kosmik faoliyat sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

    Hujjatda Vazirlar Mahkamasi, “Oʻzbekkosmos” agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Mudofaa vazirligining kosmik faoliyat sohasidagi vakolatlari va vazifalari mustahkamlangan.

    Qonun kosmosni ilmiy tadqiq qilish, masofadan zondlash, aloqa va navigatsiya uchun sunʼiy yoʻldoshlardan foydalanish, shuningdek kosmik raketa komplekslaridan foydalanish, kosmik obyektlarni markirovka qilish va utilizatsiya qilish toʻgʻrisidagi qoidalarni belgilaydi.

    Kosmik faoliyat insonlar sogʻligʻini himoya qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish va yuridik yoki jismoniy shaxslarning mulkini himoya qilishni taʼminlash sharti bilan amalga oshiriladi.

    Yer yuzasi, kosmik fazo va ularda joylashgan barcha obyektlar, shuningdek tabiiy va texnogen xususiyatli hodisalar kosmik monitoring obyektlari hisoblanadi.

    Vazirlik va idoralar har yili 20-iyulgacha vakolatli organga kelgusi yil uchun kosmik xizmatlarga boʻlgan ehtiyoj toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shu jumladan bu xizmatlarni, shu jumladan kosmik monitoringni taqdim etish hajmi, davriyligi va muddatlarini (bunday ehtiyoj mavjud boʻlganda) taqdim etadilar.