Kosonlik fuqaro xorijga chiqish uchun 81 mln soʻm aliment toʻladi

    Qarzdorning arizasiga koʻra, alimentni oldindan toʻlash boʻyicha sudning ajrimi chiqarildi.

    Fuqarolik ishlari boʻyicha Qashqadaryo viloyat Koson tumanlararo sudining 2018-yil 12-iyundagi sud buyrugʻiga asosan qarzdor I.D.dan D.R. foydasiga 1 nafar 2017-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan farzandining moddiy taʼminoti uchun to u 18 yoshga toʻlgunga qadar qarzdorning jami daromadlarining 1/6 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.

    Ota aliment pullarini oʻz vaqtida toʻlab kelgan.

    Ijro harakatlari jarayonida I.D. xorijga chiqish maqsadi borligini bildirib, sud hujjatini ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish yuzasidan ariza bilan ushbu sudga murojaat qildi.

    Qarzdorning arizasiga koʻra, alimentni oldindan toʻlash boʻyicha sudning ajrimi chiqarildi. Qarzdorga qonunchilikda belgilangan tartibga koʻra, 5-yillik aliment pullari 81 million 100 ming soʻm miqdorida hisoblandi.

    Joriy yilning 21-fevral kuni ushbu mablagʻ toʻliq toʻlanib, undiruvchining maxsus plastik kartasiga oʻtkazib berilishi taʼminlandi.