Kosonsoy tuman obodonlashtirish boshqarmasiga nisbatan ish qoʻzgʻatildi

    “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun talablari buzilganligi yuzasidan Kosonsoy tuman obodonlashtirish boshqarmasiga nisbatan ish qoʻzgʻatildi.

    Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Kosonsoy tuman Obodonlashtirish boshqarmasi amalga oshirgan 28 ta tender savdolarida “Raqobat toʻgʻrisida”gi va “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunlarga rioya etilishi yuzasidan monitoring ishlari olib borildi.

    Oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida, Kosonsoy tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 2023-yilda 15 ta boshlangʻich narxi 970 mln soʻmga yaqin va 2024-yil I-yarim yillik holatiga 13 ta 1 mlrd 356 mln soʻmlik tender savdolarida buyurtmachi tashkilot (xarid komissiyasi) tomonidan ishtirokchilar (“ISLAMOV TRADER” MCHJ,“BERUNIY MEDICAL” MCHJ) taqdim etgan tanlov takliflarini baholash mezonlarini belgilashda qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.

    Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, hududiy boshqarma tomonidan buyurtmachiga (Kosonsoy tuman Obodonlashtirish boshqarmasi) “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29 moddasi talablari buzilishi yuzasidan Maxsus komissiya tomonidan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, qonun buzilishini bartaraf etish maqsadida bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.

    Shuningdek, qonun buzilishiga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi.