Koyka Tokioning yangi gubernatori etib saylandi. Endi Olimpiada oʻyinlari belgilangan muddatda oʻtadimi?

    Sport 6 Iyul 2020 1708

    Avval xabar berganimizdek, 2021-yilga qoldirilgan Tokio olimpiadasining oʻtkazilishi bilan bogʻliq masala – Yaponiya poytaxti gubernatorligiga 5-iyul kuni boʻlib oʻtgan saylovlar barchasiga oydinlik kiritdi.

    Olimpiada oʻtkazilishi tarafdori boʻlgan Tokioning amaldagi gubernatori Yuriko Koyka kecha kechki payti ovozlar hisob-kitobiga koʻra, 82,3 foiz ovoz bilan 5 nafar nomzod orasida gʻoliblikka erishdi.

    Bugun Xalqaro olimpiya qoʻmitasi prezidenti Tomas Bax, XOQ ijroqoʻm aʼzolari ikkinchi muddatga Tokio gubernatorligiga saylangan Koykani gʻalaba bilan tabriklab, «bu bugungi murakkab sharoitda shijoatli hayot tarziga intiladigan, hamisha ezgulik va hamjihatlik gʻoyalari targʻibotchisi boʻlgan olimpiyadamizning muvaffaqiyati hamdir», deya taʼkidlagan.

    Olimpiya oʻyinlari bilan bogʻliq voqeliklarni diqqat bilan kuzatib borayotgan mutaxassis va jurnalistlarning fikricha, Tokio gubernatorligi uchun mustaqil nomzod sifatida qatnashgan Koykaning ushbu gʻalabali odimi 2021-yilga qoldirilgan olimpiada oʻyinlarining belgilangan muddatlarda oʻtishini taʼminlaydi.

    Saylovlar natijasi boʻyicha jurnalistlarga bergan intervyusida Tokioning yagona ayol gubernatori Yuriko Koyka kelgusi reja va maqsadlari haqida soʻz yuritib, koronavirus balosidan va uning oqibatlari natijasidagi iqtisodiy boʻhronlardan xalqni himoya qilish eng asosiy vazifasi ekanligini bildirib, yozgi Olimpiya oʻyinlarini yaponlarga xos yuksak mavqeda oʻtkazish uchun Xalqaro olimpiya qoʻmitasi bilan har tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirishini aytib oʻtgan.

    Toʻlqin ROʻZIYEV.