Kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish va kredit olib berish bilan bogʻliq firibgarlik holati fosh etildi

    Hududlarda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning boʻlimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilib firibgarlik bilan shugʻullanib kelgan fuqarolar ushlandi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Qad etilishicha, departamentning Sariosiyo tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “E.P.” va “G.B.” MCHJlarning rahbari М.I. tomchilatib sugʻorish texnologiyasini oʻrnatish uchun ajratilgan 962,5 mln soʻm imtiyozli kredit evaziga taʼminotchi korxona sifatida fermer xoʻjaliklariga uskunalarni yetkazib bermasdan kredit mablagʻlarini talon-toroj qilganligi aniqlandi.

    Shuningdek, Departamentning Qarshi tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda hududiy tijorat banki filiali sobiq bosh menejeri D.N. 3 ta taʼminotchi korxona masʼul shaxslari bilan oʻzaro til biriktirib, 6 nafar fuqaroga issiqxona faoliyatini rivojlantirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit evaziga mahsulotlarni yetkazib bermasdan, 180 mln soʻm kredit mablagʻlarni naqdlashtirib olib, talon-toroj qilganliklari aniqlandi.

    Departamentning Andijon viloyat boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa fuqarolar Ш.З. va G.I. fuqaro Z.D.ning ishonchiga kirib, uning singlisi nomiga goʻyoki bir yil davomida YATT faoliyati bilan shugʻullanib kelganligi haqida guvohnoma rasmiylashtirib, tikuvchilik yoʻnalishida 100 mln soʻm imtiyozli kredit ajratib berishlari evaziga 900 AQSh dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.