Kredit mablagʻlarini talon-toroj qilgan sobiq bank xodimlari aniqlandi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazildi.

    Unda ATB “Mikrokreditbank” Buxoro mintaqaviy filialining Kogon bank xizmatlari markazi sobiq mutaxassisi M.K. otasi M.K. nomiga tashkil etilgan “K.H.” MCHJga maishiy texnika sotib olish uchun 245 mln soʻm kredit ajratilishiga erishib, amalda kredit mablagʻini boshqa maqsadlarda sarflab talon-toroj qilganligi hamda markaz nomidan notarial idoraga soxta xat taqdim qilib, kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyilgan 391,1 mln soʻmlik “YUCHANG” rusumli tirkamani taqiqdan chiqarib yuborganligi aniqlangan.

    Shu kabi, Kogon shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, ATB “Mikrokreditbank” Buxoro viloyat mintaqaviy filialining sobiq mutaxassisi B.R. 2021-yilda 5 nafar fuqaroning nomiga ularning xabardorligisiz jami 156,5 mln soʻm mikroqarz va imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablagʻlarni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganligi, shuningdek oʻzining jinoiy harakatlarini yashirish maqsadida fuqarolar A.D. va U.R.larning kredit yigʻma jildlarini qasddan yoʻqotib yuborganligi aniqlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167 moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish), 233-moddasi (band solingan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish) va 227-moddasi (avtomototransport vositalarini yashirish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.