Xususan, Qorakoʻl tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, tumandagi bank filiali tomonidan “Sh.O.” MCHJga yangi toʻquvchilik dastgohlarini sotib olish maqsadida ajratilgan 2 mlrd soʻm miqdoridagi kreditning 68,1 ming AQSH dollarini naqdlashtirib olib, qolgan 124,6 ming AQSH dollarini oʻziga tegishli boʻlgan “N.L.” MCHJga oʻtkazib, jinoyatini fosh boʻlishini oldini olish maqsadida eski yaroqsiz dastgohlarni olib kelganligi, shuningdek, MCHJning moliyaviy natijalari toʻgʻrisidagi hisobotiga soxta maʼlumotlar kiritib, qasddan bankrotlikka olib kelganligi aniqlangan.

Shu kabi, Fargʻona shahrida faoliyat yurituvchi “T.U.” MCHJ rahbari D.M. va boshqalar oldindan til biriktirib, aslida boshqaga tegishli “Savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shahobchasi” bino-inshootini soxta hujjatlar asosida goʻyoki oʻziga tegishli qilib koʻrsatib, 1,8 mlrd soʻmga baholab, kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyib, trikotaj ishlab chiqarish dastgohi sotib olish uchun ajratilgan 1 mlrd soʻm imtiyozli kreditni boshqa MCHJga oʻtkazish orqali talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Yoki, Qoʻqon shahrida “B.E.” MCHJ rahbari S.Y. fuqaro R. bilan oʻzaro til biriktirib, “O.B.” MCHJga ajratilgan kredit hisobidan qurilish mahsulotlari sotib olishida yordam berish evaziga kredit mablagʻining 700 mln soʻmini “B.E.” MCHJga oʻtkazib, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Shuningdek, Qarshi shahrida yashovchi fuqaro J.B. “Y.T.” MCHJ va ukasi nomidagi YATT “B.B.”ni boshqarib kelib, viloyat tijorat banki filialidan aylanma mablagʻlarni toʻldirish va issiqxona qurish uchun ajratilgan 443,3 mln soʻm imtiyozli kredit mablagʻini talon-toroj qilganligi, shuningdek, garov taʼminoti sifatida qoʻyilgan “Tracker” rusumli avtotransport vositasini soxta hujjatlar orqali garovdan chiqarib, taqiqqa qoʻyilgan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etganligi aniqlangan.

Shirin shahrida faoliyat yurituvchi “G.H.” va “S.E.” MCHJlar rahbari S.T. hududiy tijorat banki filialidan mebel ishlab chiqarish faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun ajratilgan 450 mln soʻm imtiyozli kredit mablagʻini belgilangan faoliyat turiga yoʻnaltirmasdan, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, Xovos tumanida faoliyat yurituvchi “K.o.” MCHJ rahbari M.U. bank filialidan ajratilgan kredit mablagʻi evaziga Qozogʻiston Respublikasidan olib kelingan 107 bosh chorva mollarini fuqarolarga naqd pulga sotib yuborib, 420 mln soʻm imtiyozli kredit mablagʻini talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.