Maʼlum qilinishicha, Bojxona qoʻmitasi hamda Andijon viloyati va Toshkent shahar bojxona boshqarmalari tezkor tuzilmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda bir guruh shaxslar tomonidan bojxona organlari rasmiy hujjatlarini qalbakilashtirish holatlariga chek qoʻyildi.
Tezkor tadbirda oldindan kuzatuvga olingan shaxsning yashash xonadoni belgilangan tartibda koʻzdan kechirilganida, bu yerda “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Kadrlar Boshqarmasi” yozuvli muhr, oylik ish haqi toʻgʻrisida maʼlumotnomalar, ushbu shaxsning goʻyoki bojxona xodimi ekanligini tasdiqlovchi guvohnoma, ishga aloqador boshqa hujjat hamda vositalar borligi aniqlandi.
Maʼlum boʻlishicha, 3 nafar shaxsdan iborat uyushgan guruh hujjatlarni qalbakilashtirish orqali oylik ish haqi toʻgʻrisida maʼlumotnoma tayyorlab, unga soxta muhr bosib, qalbakilashtirilgan xizmat guvohnomalari bilan hududlardagi banklarga kredit olish uchun taqdim etib kelishgan.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.









