Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xususan, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvining har qanday shakliga barham berish borasida muntazam ravishda faol harakatlar olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilayotgan ana shunday tadbirlardan birida 1988-y.t., Samarqand shahrida yashovchi, “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka bankining “Soʻgʻdiyona” bank xizmatlari markazida moliyaviy konsultant lavozimida ishlab kelayotgan M.J. bank mijozi boʻlgan mahalliy fuqaroga 700 mln. soʻm miqdorida ipoteka krediti rasmiylashtirib berishda yordam berishini aytib, evaziga 20 mln. soʻm va 100 AQSH dollari miqdoridagi pul mablagʻini talab qilib kelayotganligi aniqlandi.
Shundan soʻng, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan faol tadbirda M.J. mahalliy fuqarodan avvaldan kelishilgan 20 mln. soʻm va 100 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirildi.
Hozirda holat yuzasidan ushbu shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Oʻz “jigʻildon”ini oʻylab, qonunga xilof tarzda fuqarolardan pul undirishni “kasb” qilgan bu kabi kimsalar endi qonun oldida javob berishadi.