Bank tomonidan kredit olgan mijozga asosiy qarz va foiz toʻlovlarini jarimalarsiz, kredit tarixiga zarar yetkazmasdan kechiktirish yoki kamaytirish imkonini beruvchi imtiyozli davr kredit taʼtili deb ataladi. Kredit taʼtili qarz oluvchiga moliyaviy muammolarni hal qilish va qarzni kechiktirmasdan toʻlashni davom ettirish uchun vaqt beradi — bu uning asosiy afzalligidir.
Odatda, favqulodda vaziyatlar, jiddiy iqtisodiy pasayish kabi holatlar kuzatilganda, qarzdor moliyaviy qiyinchilikka duch kelganda yordam berish maqsadida beriladi.
Kredit taʼtili faqat bir marta beriladi va bitta shartnoma uchun amal qiladi.
Bunda Kredit toʻlovini kechiktirishga asos boʻladigan hujjatlarni taqdim etish kerak. Har bir bank kredit taʼtilini berish boʻyicha mustaqil qaror qabul qiladi.
Kredit taʼtili muddati individual belgilanadi, lekin 6 oydan oshmaydi. Kredit taʼtilida foiz miqdori oʻzgarmaydi, balki kredit shartnomasi taʼtil muddatiga uzaytiriladi.
Bank kredit taʼtilini rad etishi ham mumkin. Har bir kreditor kredit taʼtili berish boʻyicha mustaqil ravishda qaror qabul qiladi.
Bank va mijoz oʻrtasida tuzilgan kredit shartnomasida kredit taʼtili berish yoki uni vaqtinchalik muzlatib qoʻyish imkoni borligi haqidagi band kiritilgan boʻlsagina mijoz bu imkoniyatdan foydalana oladi.









