Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatda sugʻurta xizmatlari hamda kredit-moliya masalalari boʻyicha isteʼmolchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, aholi, jumladan tadbirkorlar uchun qoʻshimcha yengilliklar yaratish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, aholi va tadbirkorlarning sugʻurtaga oid savodxonligini oshirish maqsadida ommaviy axborot vositalari orqali keng qamrovli targʻibot ishlarini yoʻlga qoʻyish zarurati yuzaga kelmoqda.

Qonun bilan sugʻurta savodxonligini oshirishga qaratilgan axborotni ijtimoiy axborot tarkibiga kiritish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, sohalardagi vakolatli organlar ham ijtimoiy axborot reklamasi beruvchilari qatoriga kiritilmoqda.

Moliyaviy xizmatlar reklamasida esa mazkur xizmatlardan foydalanish, shuningdek, qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida isteʼmolchilarni ogohlantirish talabi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, kredit mahsulotlari reklamasida isteʼmolchining oʻz toʻlov qobiliyatini toʻgʻri baholay olmasligi va qarz majburiyatlarini bajarmasligi moliyaviy xatarlarni yuzaga keltirishi mumkinligi haqida ogohlantirish berilishi taʼminlanadi.

Senatorlarning taʼkidlashicha, Qonun aholida sugʻurta xizmatlariga boʻlgan ishonch darajasini oshirish, shuningdek, kredit bilan bogʻliq moliyaviy xatarlar haqida aholi, jumladan tadbirkorlarning xabardorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Muhokamalar yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.