Kreditga olingan mashinalarni sotib yuborganlar ushlandi

    Andijon va Qoʻqonda avtokreditga olingan mashinalarni sotib yuborish holatlari aniqlandi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti habar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro S.K. hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan kredit evaziga sotib olingan "Chevrolet Equinox" rusumli avtomashinani garovga qoʻymasdan fuqaro J.Q.га 38 500 AQSh dollariga sotib yuborib, bank manfaatlariga 378 mln soʻm zarar yetkazgani aniqlandi.

    Shuningdek, Departamentning Qoʻqon shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro Х.А. va boshqalar fuqaro Sh.Y.нинг ishonchiga kirib, uning nomiga tijorat banki Qoʻqon filialidan avtokredit ajratilishiga erishib, ushbu kredit evaziga sotib olingan "Chevrolet Equinox" rusumli avtomashinani boshqa shaxslarga naqd pulga sotib yuborib, 326,7 mln soʻmni firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganliklari aniqlandi.

    Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.