Memorandumga muvofiq, endi har ikkala tomon birgalikda imkoniyati cheklangan yosh avlod vakillarining jamiyatdagi o'rni va rolini kuchaytirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, sohaga oid qonun hujjatlarini aholi o'rtasida keng targ'ib qilish, nogironligi bo'lgan shaxslarda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash kabi sohalarida yaqindan hamkorlik qiladi.
Shuningdek, endilikda O'zbekiston nogironlar jamiyatining “Biz ahil jamoamiz”, “Para kriketchi nogironligi bo'lgan sportchilar zaxirasi bizning oramizda” shiorlari ostidagi tashabbuslari moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlanadi, imkoniyati cheklangan yoshlarning kriket bilan shug'ullanishi uchun zarur sharoit yaratiladi. Kriket o'yini bilan muntazam shug'ullanayotgan nogiron yoshlarni aniqlab, ular o'rtasida musobaqalar o'tkazish yo'lga qo'yiladi. Imkoniyati cheklangan yoshlar orasidan iqtidorli kriketchilarni tanlab olishning samarali va shaffof tizimi yaratilib, terma jamoalar tarkibini sifatli shakllantirish uchun yuqori malakali kriketchilar zaxirasi tayyorlanadi.
Bu kabi tadbirlarga imkoniyati cheklangan xotin-qizlar ham faol jalb etiladi. Jumladan, kelishuvda qizlarning jismonan baquvvat, barkamol va sog'lom bo'lishiga, chiniqishiga, umumiy ish faoliyati o'sishiga yordam berish ko'zda tutilgan. Qolaversa, nogironlar orasida respublika va xalqaro darajadagi musobaqalar o'tkazish maqsad qilingan.
Ilhom Rahmonov