Jumladan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, quyidagilarga nisbatan javobgarlik belgilandi:
Mobil qurilmaning xalqaro oʻziga xos identifikatsiya kodini qonuniy ishlab chiqaruvchining ruxsatisiz oʻzgartirish, xuddi shuningdek ushbu maqsadda maxsus dasturlarni ishlab chiqish, tarqatish yoki ulardan foydalanish BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Bunda huquqbuzarlik sodir etish quroli musodara qilinadi.
Abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonuniy ishlab chiqaruvchining yoki uning qonuniy egasining ruxsatisiz oʻzgartirish yoki uning nusxasini yaratish huquqbuzarlik sodir etish qurolini musodara qilib, BHMning 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, oʻtkazish yoki ayirboshlash, litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga yoki maʼmuriy qamoq qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Bunda kripto-aktivlarni hamda mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollari musodara qilinadi.
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari tomonidan anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish mansabdor shaxslarga BHMning 30 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Mayning faoliyatini belgilangan tartibni buzgan holda amalga oshirish, mazkur huquqbuzarlikni sodir etish qurollarini musodara qilib, 5 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga yoki maʼmuriy qamoq qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Anonim kripto-aktivlar mayningi bilan shugʻullanish, kripto-aktivlarni hamda huquqbuzarlik sodir etish qurollarini musodara qilib, mansabdor shaxslarga BHMning 30 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.