Oʻtgan yili Moʻgʻuliston bilan turizm boʻyicha katta kelishuvga erishilgani hisobiga sayyohlar 100-200 nafardan 4 mingga oshdi.

Koʻrfaz davlatlarida doimiy sayohat qiladigan 3 million aholi bor. Lekin ularning koʻpi Ozarbayjon, Gruziya, Albaniya, Xorvatiya kabi vizasiz rejim boʻlgan mamlakatlarga borayapti.

«Toʻgʻri, bu davlatlarga 10 kunlik vizasiz rejim joriy qilingan. Lekin bu muddat 30 kunga uzaytirilsa, sayyohlar 5-6 karra koʻpayadi. Bundan tashqari, Hindiston, Pokiston, Misr va Eronlik sayyohlarga viza berishni yengillashtirish mumkin«, — dedi davlatimiz rahbari.

Rossiya va Xitoyning hududlari bilan manzilli ishlash yoʻlga qoʻyilgani uchun investitsiya va sayyohlar oqimi keskin oshdi. Endi bu tajribani kengaytirib, Yaponiya, Koreya va Yevropa davlatlari bilan ham tashkil qilish topshirildi.

Milliy turizm yagona platformasini ishga tushirishni tezlashtirish, unda chipta olish va elektron viza berish imkoniyatlarini yaratish vazifasi qoʻyildi.

Malayziya va Indoneziyadan “Umra plyus” dasturi orqali 100 ming ziyoratchini jalb qilish boʻyicha ishlar boshlangan. Mutasaddilarga Kuala-Lumpur va Jakartadan Samarqand, Buxoro orqali Jidda shahriga reys qoʻyish boʻyicha muzokaralarni jadallashtirish topshirildi.