Kubada kuchli zilzila yuz berdi

    10-noyabr, yakshanba kuni Kuba sharqida kuchli zilzila sodir bo'ldi. Rasmiylar binolar va infratuzilmaga zarar yetgani haqida ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Reuters.

    AQSh Geologik xizmati ma'lumotlariga ko'ra, Kubaning janubi-sharqiy sohilida, Bartolome Masso munitsipaliteti yaqinida 14 kilometr chuqurlikda 6,8 magnitudali zilzila sodir bo'ldi.

    Mazkur hodisadan taxminan bir soat avval unga yaqin hududda 5,9 magnitudali zilzila qayd etildi, deb xabar bermoqda Amerika agentligi.

    “Ko'chkilar yuz berdi, uylar va elektr uzatish tarmoqlariga zarar yetdi. Biz zararni baholashga kirishdik... birinchi navbatda va eng muhimi – hayotni saqlab qolish”, deb yozdi Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel X ijtimoiy tarmog'ida.

    Mahalliy aholi jurnalistlarga bu ularning xotirasida qolgan eng kuchli zilzila ekanligini aytishdi. Ularning so'zlariga ko'ra, uylar va binolar kuchli silkingan, idish-tovoq, stakan va vazalar javonlardan tushib ketgan, deb xabar beradi korrespondent.net.