Kuchli kengash va tashabbuskor hokim bilan ishlash — davr talabi

    Davlatimiz rahbarining shu yil 2-fevraldagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni xalq hokimiyati vakillarining muhim ishlari xalqqa yaqinlik borasidagi yangi dastur asosida amalda oʻz isbotini topishiga keng yoʻl ochadi. Bu farmon shunchaki farmon emas, necha yillik orzular roʻyobi, ochiqlik, shaffoflik va erkin hayot inʼikosidir.

    Bunda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 120-moddasiga muvofiq, mahalliy xalq vakillarining ishini yanada jonlashtirish, xalq orasiga kirib borishida yakdillik, ishlarni jadallashtirish muhimligi eʼtiborga olinib yoʻl tutildi. Endi xalq deputatlari kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qiladi. Viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emas.

    Aholining joylardagi dolzarb muammolarini hal etish uchun chinakam “xalq ovozi” kerak. Demak, mahalliy xalq vakillariga keng vakolatlar berish, joylarda qilinishi kerak boʻlgan har bir ishda deputatning oʻrni borligi, ovozi muhimligini koʻrsatib berish vaqti keldi.

    Endi yigʻinlarda shunchaki qoʻl koʻtarib yoki tushirib tasdiqlaydigan deputatlar emas, balki eli, yurti, millati uchun yonib ishlaydigan deputatlar davri kelgani ravshan boʻldi. Saylov jarayonida ham kuchli partiya va uning xalq hayoti uchun muhim dasturlari mexanizmini ishga solish, partiyaning saylovoldi dasturi mazmun-mohiyatini xalq ongiga singdirib, maqsad va vazifalarining muhimligini tushuntirib beradigan kuchli siyosatchigina sogʻlom raqobatda yengib oʻtishi mumkin. Chunki endi “Kuchli kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” bilan ishlash oson kechmaydi. Kuchli deputatlar raqobati va ularning xalq tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi uchun siyosiy jihatdan ham, huquqiy jihatdan ham, qolaversa, maʼnaviy jihatdan ham shaffof muhit yaratiladi.

    Farmonda dolzarb beshta muhim jihatga alohida eʼtibor qaratilgan va shu asosda ishlar ketma-ketlikda belgilab chiqilgan:

    birinchidan, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda ushbu hududda istiqomat qilayotgan aholining fikrini inobatga olish, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish;

    ikkinchidan, yillar davomida mahalliy kengashlar zimmasiga yuklab kelingan qator vakolatlar va funksiyalar tizimlashtirilishi;

    uchinchidan, “Kuchli kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida ishlarni yoʻlga qoʻyish;

    toʻrtinchidan, kengashlarning oʻz faoliyatini davlat hokimiyati organlaridan mustaqil ravishda amalga oshirilishining kafolatlanishi;

    beshinchidan, kengashlarning samarali faoliyati uchun ularni zarur shart-sharoitlar bilan taʼminlashdir.

    Aynan bundan koʻzlangan maqsad ham shunga yarasha tizimli ishni talab etadi va samara ham ijobiy boʻlishi aniq. Bitta misol: joylarda iqlim sharoitidan kelib chiqib atrof-muhit bilan ishlashni aynan shu joyda yashagan kishi biladi va shunga yarasha taklif bilan chiqadi. Atmosfera havosiga taʼsir etuvchi korxonalar quriladigan, chiqindilar koʻmib tashlanadigan joylarni belgilash borasidagi ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish nafaqat atmosfera bosimi uchun, balki mahalliy aholining salomatligi, farovon turmushi uchun ham oʻta muhim. Demak, xalq vakili bu borada xalq bilan ishlab, ularni qiynayotgan muammoni olib chiqadi va yechimi uchun odilona yoʻl tutadi.

    Shuningdek, bugun quyi boʻgʻinda eng muhim boʻlgan jihat: davlat bogʻcha va maktablarini tashkil etish ham eng dolzarb mavzu. Agar biz bugun maktabgacha taʼlim tizimiga jiddiy yondashmasak, ertangi kun egalari tarbiyasidagi nuqsonlar uchun qattiq javob berishimizga toʻgʻri keladi. Joylarda xususiy bogʻcha yoki maktabga talab borligi baʼzan oʻz vaqtida tan olinmaydi. Endi bu masala ham kuchli kengash orqali yechimini topadi. Bu borada mahalliy xalq vakillarining qarashlari oʻta muhim ahamiyat kasb etadi.

    Dilbar NORMURODOVA,

    Xalq deputatlari

    Termiz shahri kengashi deputati