Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti xabar berdi.
Hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida 1997-va 2003-yilda tugʻilgan ikki nafar shaxs Boʻstonliq tumani hududidagi dala hovlida tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni qoʻlbola usulda qadoqlash bilan shugʻullanib kelayotganligi aniqlanib, faoliyatiga chek qoʻyildi.
Shuningdek, jinoyat joyidan 13kg 500gramm (45 ming dona) Pregabalin hamda 20 litr (2 ming dona) Tropikamid moddalari hamda 60 ming dona atrofida Tropikamid va Pregabalin dori vositalarining boʻsh kapsula flakonlari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hamkorlikdagi tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilib, qoʻlga olingan shaxslarga katta miqdorda dori vositalarini olib kelgan, 1998-va 1993-yilda tugʻilgan, ikki nafar kuryerlar "Neksiya-3" rusumli, avtomashinada Toshkent shahri Yashnobod tumani hududida ketayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Dastlabki tezkor-surishtiruv ishlari davomida, ushlangan shaxslar Telegram messenjerida tashkil etilgan kanalda "dori vositalarini qadoqlovchi" va "yetkazib beruvchi" sifatida ishlayotganligi, maʼlum boʻldi.
Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida ushlangan 4 nafar shaxsdan 3 mlrd 300 mln soʻmlik jami 13 kg 500 gramm (45 ming dona) Pregabalin va 20 litr (2 ming dona) Tropikamid kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda holat yuzasidan IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 251 prim 1-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.