DXXning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Respublika bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, qozogʻistonlik narkokuryerlar tomonidan Navoiy viloyatining Uchquduq tumani Qizilqum choʻli hududiga xufiyona tarzda koʻmib ketilgan 12 000 dona “Tramadol” dori vositalari borligi aniqlandi hamda protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Mazkur dori vositalarining haqiqiy egasini aniqlash maqsadida tezkor tadbir davom ettirilib, Toʻrtkoʻl tumanida yashovchi, 1988-y.t., muqaddam sudlangan shaxs qoʻlga olindi.
DXX va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan boshqa bir tezkor tadbirda Zangiota tumanida yashovchi, 1987-y.t. tish shifokori Olmazor tumanida joylashgan oʻzining xususiy klinikasida 1960 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy saqlab kelayotganligi aniqlandi.
DXXning Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi va viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan “Fargʻona-Qoʻqon” yoʻnalishida harakatlanib ketayotgan “Neksiya” rusumli avtomashina Oltiariq tumani hududida toʻxtatilib, koʻzdan kechirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan, Qoʻqon shahrida yashovchi, 1989-y.t., muqaddam bir necha marta sudlangan shaxsga tegishli 2803 dona “Regapen” va 1000 dona “Tropikamid” borligi maʼlum boʻldi.
Oʻz navbatida u kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini Fargʻona tumanida yashovchi, 1998-y.t. fuqarodan 50 mln. soʻmga sotib olganligi aniqlanib, u ham qoʻlga olindi.
Fargʻona tumanida yashovchi, 1998-y.t. fuqaroning xonadoni koʻzdan kechirilganda, unda 1050 dona “Regapen” va 101 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.
Taʼkidlash lozimki, yuqorida keltirilgan barcha kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari mamlakatimizga Qirgʻiziston Respublikasidan noqonuniy yoʻllar bilan olib kelingan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.