Kuchli taʼsir qiluvchi dorini ozdiruvchi vosita deb aldab sotayotganlar qoʻlga olindi

    Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ozdiruvchi mahsulot sifatida “Fatzorb” nomli dori vositasini sotishmoqda.

    Ushbu dori tarkibida “Sibutramin” moddasi mavjud boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-sentyabrdagi 818-son Qarorining 1-ilovasiga muvofiq kuchli taʼsir qiluvchi modda hisoblanadi. Kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortishga asos boʻladi.

    Mana shunday bir guruh “shovvoz”lar ijtimoiy tarmoqlarda ozdiruvchi mahsulotlar savdosi bilan shugʻullanishligini maʼlum qilib, sahifa ochgani va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni onlayn savdosi bilan shugʻullanayotgani aniqlangan.

    Joriy yilning 5-yanvar kuni Sergeli tumani Obihayot koʻchasida 1992-yilda tugʻilgan D.S. va 1993-yilda tugʻilgan K.S.lar 600.000 soʻm evaziga 180 dona “Fatzorb” nomli dori vositasini sotayotgan vaqtida Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan ushlangan. Shuningdek, K.S. boshqaruvidagi avtomashina xolislar ishtirokida tekshirilganda yana 72 dona “Fatzorb” nomli dori vositasi aniqlangan va ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilmoqda. Tekshiruv yakuni boʻyicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.